Mamlakatni texnologik rivojlantirish imkoniyatlari

10:15 24 May 2018 Iqtisodiyot
337 0

Bugungi shiddat bilan kechayotgan zamonda mamlakatimizda davlat boshqaruvi, umuman, boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar va chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, boshqaruv tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sohada mavjud -muammolar hamda ishlatilmayotgan imkoniyat va zaxiralarni chuqur hamda atroflicha tahlil qilish asosida uning eng ilg‘or, zamonaviy shakllari va usullari joriy qilinayapti.

Milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq va strategik vazifalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv jarayonlarida optimal qarorlar qabul qilinishiga, uning samaradorligi va -natijadorligiga erishish muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Ayni paytda Prezidentimiz tavsiyalariga binoan deputatlar va senatorlar tomonidan joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish hamda nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish jarayonlarida ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan ayrim korxonalar faoliyatida korporativ boshqaruv va zamonaviy menejment usullaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani, resurslarning samarali ishlatilmayotgani, ular faoliyatini tizimli tahlil va nazorat qilishdagi kamchiliklar kabi yechimini kutayotgan masalalar borligi ko‘zga yaqqol  tashlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aynan ana shu masalalar yechimiga, xususan, ustav fondida davlat ulushi ko‘p bo‘lgan davlat korxonalari va boshqa yuridik shaxslarni boshqarish tizimining samaradorligini ta’minlash va faoliyatini takomillashtirishga,  ular tomonidan o‘z vazifalarini to‘liq bajarish hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlantirishga ko‘maklashish imkoniyatlarini yanada kuchaytirishga, ushbu korxonalar uchun zamonaviy korporativ va loyiha boshqaruvi sohasidagi bilimlarga ega kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha samarali tizim yaratishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Binobarin, qaror bilan mazkur korxonalarda korporativ boshqaruv jarayonida manfaatlar uyg‘unligini ta’minlash, optimal boshqaruv qarorlari qabul qilinishiga erishish, resurslardan oqilona va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, boshqaruvning shaffofligini oshirish, moliyaviy va xo‘jalik faoliyatini muntazam tahlil qilib borish asosida ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi hamda natijadorligini nazorat qilishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etishga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda.

Qarorning yana bir muhim jihati, davlat korxonalari faoliyatini tashkil etishda keng ko‘lamli o‘zgarishlar, yangilanishlarni ro‘yobga chiqarish, shuningdek, davlat aktivlarining qiymatini va ularni boshqarish samaradorligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi davlat korxonalarini transformatsiya qilish dasturlarini amalga oshirishning xalqaro tajribasini joriy etish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini korporativ va loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlari masalalari, zamonaviy menejment usullari bo‘yicha o‘qitish va malakasini yuksaltirishni tashkil etish tizimi takomillashtirilmoqda. 

Bular esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan korxona va kompaniyalar faoliyatini mutlaqo yangicha tashkil etishni, boshqarish tizimi samaradorligiyu natijadorligini ta’minlaydi hamda ularning raqobatdoshligini oshirish, tashqi bozorlarda sifatli tovarlar bilan ishtirok etish, ichki bozorni xavfsiz, arzon va xaridorgir mahsulotlar bilan to‘ldirish kabi vazifalar ro‘yobida o‘ta -dolzarb o‘rin tutadi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarorida belgilangan chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilishi ustuvor sohalarda, eng avvalo, yoqilg‘i-energetika, agrosanoat, tog‘-kon komplekslarida, mashinasozlik, transport, kimyo sanoati, telekommunikatsiya sohalarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlantirishga ko‘maklashish imkoniyatlarini yanada oshiradi. Shu bois biz, deputatlar parlament nazorati institutidan keng foydalangan holda ushbu hujjat ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishimiz, joylarda uning mazmun-mohiyatini mutaxassislar va aholi o‘rtasida keng tushuntirishimiz maqsadga muvofiq.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, mamlakatimizda qisqa davr mobaynida boshqaruvning yangi milliy modeli hayotga tatbiq etilishi barcha yo‘nalishda mukammal tizimlar yaratilishiga, demokratik o‘zgarishlar va yangilanishlarning mustahkam bo‘lishiga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si va mavqei yanada ortishiga, eng muhimi, xalqimizning osoyishta hayoti ta’minlanishiga, uning farovonligi yuksalishiga xizmat qiladi. 

Abdurashid TO‘XTABOYEV, 
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?