Mamlakatimizdagi ilk shamol elektrostansiyasi Gʻijduvonning “Qutchi” massivida xitoyliklar bilan hamkorlikda qurilmoqda

15:29 23 Sentyabr 2019 Jamiyat
172 0

Xitoy Xalq Respublikasining “Liaoning lider “ korporatsiyasi bilan tuzilgan memorandumga muvofiq, yurtimizda birinchi shamol elektrostansiyasini qurish yumushlariga kirishildi.Loyiha Gʻijduvon tumanining “Qutchi” massivida amalga oshirilmoqda.

Mazkur massivning tanlangani bejiz emas.Choʻlu biyobonlarga tutashib ketgan bu goʻshadan hatto saraton kunlarida ham shamol esib turadi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Olimjon Joʻrayevning muxbirimizga bildirishicha, loyihaning dastlabki bosqichida 240 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan – toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish evaziga 200 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega shamol elektrostansiyasi barpo etiladi.Loyiha uch bosqichdan iborat boʻlib, uning hayotga tatbiq etilishi uchun jami 1,8 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy sarmoya jalb qilinadi.Shu maqsadda 6 ming gektar yer maydoni ajratildi.Agar Gʻijduvonda aholining tigʻiz yashashi, “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasida yangidan yangi korxonalarning ishga tushayotgani inobatga olinsa, elektr energiyasiga talab oy, kun sayin oshayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi.Binobarin, shamol elektr stansiyasining qurilishi hududdagi koʻplab ijtimoiy masalalar yechimida, jumladan bandlik masalasini hal etishda ham qoʻl keladi.

Massivda shamol tezligini oʻlchaydigan machtalar ishga tushirildi.Shu munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda soʻz olganlar Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligi, yangi yirik loyihaning ahamiyati xususidafikr –mulohaza yuritdilar.

Tadbirda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev ishtirok etdi.

Istam IBROHIMOV,

(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?