Mamlakatimizda oʻzbek-qirgʻiz yoshlarining turizm markazi ochiladi

19:24 07 Dekabr 2018 Jamiyat
663 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi Online”/ Muhammadjon Ahmadjonov. Poytaxtimizda Oʻzbekiston — Qirgʻiziston II yoshlar forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir Yoshlar ittifoqining Markaziy kengashi tomonidan Qirgʻiziston hukumati hamda Yoshlar, jismoniy tarbiya va sport ishlari boʻyicha davlat agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda tomonlar joriy yilning iyul oyida ikki davlat oʻrtasida imzolangan anglashuv memorandumi, shuningdek, yoshlar siyosati, fan va taʼlim bilan ishlashning istiqbolli yoʻnalishlarini atroflicha muhokama qilishdi.

— Mazkur forumning asosiy maqsadi fan va taʼlim, tadbirkorlik, turizm hamda yoshlar siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish uchun yagona dialog platformasini yaratishdan iborat, — deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev. — Unga muvofiq, ikki mamlakat yoshlari uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qator tashabbuslar, xususan, oʻzbek — qirgʻiz yoshlarining turizm markazini amaliyotga joriy qilish belgilandi.

Yoshlar ansambli tomonidan ijro etilgan raqslar, kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga xush kayfiyat bagʻishladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?