Mamlakatimizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak

16:20 15 Iyul 2020 Siyosat
356 0

Bunday deyishimizga sabab, avvalo, barchaga yaxshi maʼlum, joriy yilda oziq-ovqat masalasi koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo miqyosida hal qiluvchi oʻringa koʻtarildi. Negaki, bu xatarni yengish ham, xalq farovonligini taʼminlashu jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash ham shu masalaga bogʻliq. Ayni shu holatni nazarda tutib, Prezidentimiz joriy yil 14-iyuldagi videoselektor yigʻilishida dalalarda mehnat qilayotgan mirishkor fermer va dehqonlarga, sohibkor bogʻbonlarga hamda soha mehnatkashlariga oʻzlarining chuqur minnatdorchiliklarini bildirganlari bejiz emas. Ha, bugun xalq boyligining, iqtisodiy barqarorlikning tub negizini qishloq xoʻjaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar belgilayotgani haqiqat.

Shuning uchun ham bugun qishloqlarimizda ish qizgʻin. Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tigʻiz emas. Kasallik tarqamagan hududlar ham koʻp. Bu yerlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning oʻn kunini boqadi.

Ayni kunda aholining bandligini taʼminlashda ham qishloq xoʻjaligi sohasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, hozirda gʻalladan boʻshagan yer maydonlari fermerlar tomonidan bandligi taʼminlanmagan yoshlar va xotin-qizlarga 1 gektardan ajratib berilishi, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilayotganligi, hatto kam taʼminlangan oilalarga yer maydonlarining maʼlum sotixlari oʻz ehtiyojlari uchun ekin ekib parvarishlari uchun berilayotganligi zamirida ham aholi turmush farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, pandemiyadan xavf-xatarsiz chiqishga koʻmaklashish maqsadlarini nazarda tutadi. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, fermer oʻz hududidagi ehtiyojmand oilani qaramogʻiga olish asnosida unga 10 sotixmi, 15 sotixmi yer maydoni ajratib, oilasiga daromad olib kirishiga turtki beradi. Shu bilan oʻsha xonadon ham kundalik roʻzgʻori uchun harakat qiladi, ham qish mavsumidagi oziq-ovqat zaxirasini yaratadi. Mana, xalqimizning bagʻrikengligi, himmatliligi, aqli rasoligi! Qishloq xoʻjaligi sohasi fidoyilari ham hududlardagi uchrashuvlarimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlardan mamnun boʻlayotganliklarini koʻp taʼkidlashadi.

Ayni pandemiya davrida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash asosiy eʼtiborda ekan, bu borada yer maydonlaridan samarali foydalanish kerakligi yuzaga chiqaveradi. Fermerlar-ku yer maydonlaridan ehtiyojmand oilalar uchun ajratib koʻmaklashmoqdalar. Biroq foydalanilmay turgan yerlar ham talaygina. Ulardan foydalanishni ham yoʻlga qoʻyish zarurati kuchli. Masalan, Namangan viloyatidagi baland adir dashtliklarida uzoq yillardan beri foydalanilmay turgan 36 gektar yer maydonida bugun har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi amalga oshirilayotgandan koʻpchilikning xabari bor. Umumiy qiymati 13 milliard dollar boʻlgan loyiha ijrosi bilan Chortoq tumanidagi 800 ta kambagʻal oila aʼzolarining bandligi taʼminlandi. Bu quvonarli holat. Muammolarga yechimni qishloq xoʻjaligi bilan uzviy bogʻlashimiz kerak. Axir serquyosh oʻlkamiz, serhosil tuprogʻimiz bor!

Albatta, oʻz navbatida saylovchilar bilan muloqotlarimiz davomida, onlayn murojaatlardan kelib chiqqan holda biz deputatlar ham sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishga, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab, ijrosiga masʼul boʻlishga, muammolarni mutasaddilar bilan hamjihatlikda hal etishga harakat qilyapmiz.

Barnoxon MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?