Mamlakatimizda 15-avgustdan boshlab raqamli televideniye sohasida qanday oʻzgarish boʻladi? Tyunerlarni yangisiga oʻzgartirish kerakmi?

10:32 08 Avgust 2019 Jamiyat
179 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat qarorlari asosida “Oʻzbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmogʻini rivojlantirish” investitsiya loyihasi amalga oshirilib, bugungi kunda mamlakatimizning barcha aholisi toʻliq raqamli televideniye dasturlari qamrovi bilan taʼminlangan.

Oʻzbekistonda yer usti raqamli televideniyesining Yevropa standarti — DVB-T qabul qilingan.

DVB-T (DVB — inglizcha Digital Video Broadcasting — raqamli video uzatish; T/T2 — inglizcha Terrestrial — yer usti) — raqamli videodasturlarni efir (yer usti) orqali uzatish standarti.

Mamlakatimizda raqamli televideniyega oʻtishning ilk davrlarida — 2008-yildan boshlab DVB-T standarti qoʻllanilgan edi. Oʻsha davrda dunyoda raqamli televideniyening DVB-T standarti mavjud boʻlib, koʻp mamlakatlar ushbu standartni joriy etishgan. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib, DVB-T standarti yaratilishi bilan mamlakatimizda ham ushbu standartdagi teleuzatgichlar oʻrnatila boshladi.

Investitsiya loyihalari doirasida respublikamizda DVB-T2 standartidagi raqamli teleuzatgichlar oʻrnatilib, bugungi kunda uzatilayotgan teledasturlar soni 18-19 tagacha yetkazildi.

DVB-T2 standarti nimasi bilan DVB-T dan ustun?

Yangi standart (DVB -T2)ning eski standartdan (DVB-T) asosiy afzalliklari — signalning xalaqitbardoshliligi va uzatiladigan kanallar sonini 18-19 tagacha yetkazish mumkinligidir.

2017-yildan bugungi kunga qadar respublikamizda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi teledasturlari (“Oʻzbekiston”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Sport”, “Navo”, “Dunyo boʻylab”, “Madaniyat va maʼrifat”, “Bolajon”, “Kinoteatr”, “Oilaviy”, “Mahalla”, “Oʻzbekiston 24”) 2 ta standartda, yaʼni ham DVB-T va ham DVB-T2 standartlarida parallel ravishda uzatib kelinmoqda. Turgan gapki, telekanallarning bir-birini takrorlashi ortiqcha resurs va sarf-xarajatlarga olib kelayotgandi.

Raqamli tizimda uzatilayotgan teledasturlarni optimizatsiya qilish, kelgusida uzatiladigan telekanallar sonini yanada oshirish uchun texnik imkoniyatlar yaratish maqsadida, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublikamizning viloyat markazlarida raqamli televideniyening eski DVB-T standartida uzatib berilayotgan 12 ta teledasturi efirini 2019-yilning 15-avgustidan toʻliq toʻxtatish rejalashtirilgan. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabar berdi.

Joriy yilning 15-avgustidan quyidagi stansiyalardagi DVB-T standartida ishlovchi uzatgichlar oʻchiriladi:

Andijon viloyatidagi Andijon radiotelevizion stansiyasida 39 TVK (televizion kanal) chastotada ishlovchi;

Fargʻona viloyatidagi Qoʻqon radiotelevizion stansiyasida 40 TVK chastotada ishlovchi;

Toshkent viloyatidagi Angren radiotelevizion stansiyasida 44 TVK chastotada ishlovchi;

Toshkent viloyatidagi Bekobod radiotelevizion stansiyasida 27 TVK chastotada ishlovchi;

Toshkent viloyatidagi Shougaz radiotelevizion stansiyasida 35 TVK chastotada ishlovchi;

Sirdaryo viloyatidagi Guliston radiotelevizion stansiyasida 32 TVK chastotada ishlovchi;

Jizzax viloyatidagi Qoʻytosh radiotelevizion stansiyasida 45 TVK chastotada ishlovchi;

Samarqand viloyatidagi Choʻponota radiotelevizion stansiyasida 31 TVK chastotada ishlovchi;

Navoiy viloyatidagi Langar radiotelevizion stansiyasida 30 TVK chastotada ishlovchi;

Xorazm viloyatidagi Urganch radiotelevizion stansiyasida 34 TVK chastotada ishlovchi;

Buxoro viloyatidagi Buxoro radiotelevizion stansiyasida 47 TVK chastotada ishlovchi;

Qashqadaryo viloyatidagi Odamtosh radiotelevizion stansiyasida 47 TVK chastotada ishlovchi;

Surxondaryo viloyatidagi Vaxshivor radiotelevizion stansiyasida 47 TVK chastotada ishlovchi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Nukus radiotelevizion stansiyasida 48 TVK chastotada ishlovchi

uzatgichlar oʻchiriladi hamda bosqichma-bosqich DVB-T2 standartiga oʻtkaziladi. 

2019-yil 15-avgustidan soʻng, MTRK teledasturlarini raqamli televideniyening DVB-T2 standartida koʻrish mumkin boʻladi.

Eski (DVB-T) standartdagi tyuner va televizorlar ishlaydimi?

Avvalo aytish kerakki, DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni eski — DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari qabul qila olmaydi.

Hozir nodavlat (“Mening Yurtim”, “Milliy TV”, “Uzreport TV”, “Zoʻr TV”, “Futbol TV”, “Sevimli TV”) telekanallari dasturlari Oʻzbekiston hududlariga DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Agarda televizoringiz ushbu nodavlat telekanallarini koʻrsatayotgan boʻlsa, bilingki, sizda DVB-T2 standarti ishlayapti. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi.

Teletomoshabinlar diqqatiga!

Shu sababli, DVB-T standartida uzatilayotgan raqamli teledasturlarni koʻrib kelayotgan yurtdoshlarimiz DVB-T2 standartini qoʻllovchi qurilmalarni (tyuner yoki zamonaviy rusumdagi televizor) oʻrnatishlari lozim boʻladi. Shundan soʻnggina yangidan-yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishingiz mumkin. Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli tyuner qurilmasini ulagan holda qoʻshimcha telekanallarni koʻrishlari mumkin.

Tavsiya: Yangi televizor xarid qilayotganda, ushbu televizorda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yoʻqligiga eʼtibor qarating! Mahsulotning texnik tavsifida bu haqda batafsil axborot berilgan boʻladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Eski rusumdagi televizorlardan foydalanuvchilar televizorga DVB -T2 standartidagi raqamli telesignallarni qabul qiluvchi tyuner va standart antennani oʻrnatgan holda raqamli teledasturlarni koʻrishlari mumkin.

Diqqat, yangilik!

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti qaroriga asosan, 2019-yilning 1-sentyabr kuni Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining yangi “Oʻzbekiston tarixi” telekanali dasturlari efirga uzatila boshlanadi. “Oʻzbekiston tarixi” telekanali dasturlari yuqori sifatli HD formatida hududlarga DVB-T standarti orqali uzatilishi yoʻlga qoʻyiladi. Keyinchalik ushbu DVB-T standartida ishlovchi teleuzatgichlar modernizatsiya qilinib, bosqichma-bosqich DVB-T2 standartiga oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?