Mamlakatimizda 1,2 ming turdagi dorivor oʻsimliklarning 112 tasi farmatsevtika sanoatida ishlatiladi

12:11 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
68 0

Yaqinda Toshkent davlat agrar universitetida dorivor va ziravor oʻsimliklarni yetishtirish masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari oʻtkazildi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik mutasaddilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlardagi dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar, olimlar, professor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Unda soha olimlarining mavzuga doir maʼruzalari tinglandi. Shuningdek, farmatsevtika sanoatining dorivor oʻsimliklarga boʻlgan talabi, dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchilarning oʻzaro hamkorligi masalalari boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar xususida atroflicha maʼlumot berildi. Respublikamizda dorivor va ziravor oʻsimliklar turlarini koʻpaytirish, jumladan, zaʼfaron va boshqa dorivor oʻsimliklarni plantatsiya usulida parvarishlash borasida dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.

– Xalqaro ekspertlar prognoziga koʻra, bugungi kunda dunyoda tabiiy dori vositalariga boʻlgan talab yiliga 6-7 foizga ortgan boʻlib, 2020-yilda yillik tovar aylanmasi 35 milliard dollardan oshadi, – deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Dorivor va ziravor oʻsimliklarni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Adiba Ahmadjonova. – Xitoy, Hindiston, Kanada va AQSH kabi davlatlar yovvoyi holda oʻsayotgan dorivor va ziravor oʻsimliklarni saqlash, madaniy plantatsiya usulida koʻpaytirish borasida katta tajriba va salmoqqa ega. Xususan, Xitoyning dorivor oʻsimliklar va dori vositalari oʻrtacha yillik tovar aylanmasi 100 milliard dollarni, eksport hajmi 1 milliard dollarni, import esa 274 million dollarni tashkil etadi.

Bugungi kunda dunyo davlatlarida 12 ming turdagi dorivor oʻsimliklarning mingdan ortigʻi, mamlakatimizda esa 1,2 ming turdagi dorivor oʻsimliklarning 112 tasi farmatsevtika sanoatida ishlatiladi. Oʻzbekiston dorivor oʻsimliklardan foydalanish boʻyicha dunyo davlatlari oʻrtasida oʻziga xos tarixiy oʻrni va nufuziga ega. Bobomiz Abu Ali ibn Sino dorivor oʻsimlklarni tibbiyotda amaliy jihatdan foydalanish samarasini isbotlagan. Uning noyob asarlarini dunyo olimlari tan olib, bugungi kungacha qoʻllab kelmoqda.

Tadbirda mutaxassislar ushbu yoʻnalishda hududlarimizdagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida dorivor va ziravor oʻsimliklarni yovvoyi va madaniy usulda yetishtirishni tizimli yoʻlga qoʻyish, mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish hajmini koʻpaytirish boʻyicha aniq choralar koʻrilayotganini qayd etdi. 2018-yilda respublika boʻyicha fermer xoʻjaliklari va boshqa tashkilot va korxonalari tasarruflaridagi yer maydonlarining 54,6 ming gektarida dorivor oʻsimliklar yetishtirilib, ichki va tashqi bozorga yoʻnaltirilgan. 2020-2023-yillar davomida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini 103,7 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Toshkent Botanika bogʻidagi kolleksiya bilan tanishdi. “Gerobofarm” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yetishtirilayotgan dorivor va ziravor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash, eksportiga oid xorij tajribasi boʻyicha soha xodimlari bilan suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?