Mamlakatimiz boʻylab Gimnastrada sport festivaliga start beriladi

19:21 18 Avgust 2019 Sport
163 0

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan joriy yil 20 — 28-avgust kunlari davlatimiz mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida uy bekalari va qizlarning Gimnastrada sport festivali oʻtkaziladi.

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, gimnastika sport turlarini ommalashtirish hamda bolalar sportini rivojlantirishga hissa qoʻshish maqsadida uyushtirilayotgan mazkur anjuman Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil qilinmoqda.

Aytish joizki, qizlarimizning millat davomchilarini tarbiyalab voyaga yetkazuvchi boʻlajak ona sifatida shakllanishida sportning oʻrni naqadar muhimdir. Shu maʼnoda, ertamiz egalarini ham maʼnan, ham jismonan jihatdan barkamol voyaga yetkazish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirishda sport mashgʻulotlarining ahamiyatini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.

Bu borada soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, mamlakatimizda iqtidorli sportchi qizlar safini kengaytirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda sportchi qizlarning koʻmagini tashkil qilish, ularni jamoat ishlariga biriktirish hamda turli sport musobaqalari gʻoliblari faoliyatini monitoring qilish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

Ushbu jarayonda iqtidorli, mohir sport ustasi boʻlgan, Osiyo, jahon miqyosida oʻtkazilgan sport musobaqalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan, bugungi kunda davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan qizlarimiz bilan bir qator, faol boʻlmagan yoshlar ham qamrab olinmoqda.

Gimnastrada sport festivali ommaviy sport anjumani boʻlib, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan 2006-yildan beri oʻtkazib kelinadi. Bu yilgi Respublika Gimnastrada sport festivalida 3000 nafardan ziyod xotin-qizlar qatnashishi koʻzda tutilyapti. Musobaqalarda jamoalar tayyorlagan kompozitsiyalar ijro mahorati, raqs va gimnastika elementlarini bajarish qobiliyati boʻyicha baholanadi.

Anjuman 20 — 22-avgust kunlari mamlakatimiz viloyatlari boʻylab toʻrtta mintaqaga boʻlingan holda oʻtkaziladi hamda 28-avgust kuni beshinchi mintaqa doirasida — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boʻlib oʻtadi.

Musobaqa yakunida gʻoliblar umumjamoa hisobida hamda bir qator nominatsiyalar boʻyicha aniqlanib, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining maxsus diplomi va tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?