Mamlakatdagi oʻsmirlarning uchdan bir qismi bir yilda birorta kitob oʻqimagani aniqlandi

15:17 28 Avgust 2018 Dunyo
286 0
Иллюстратив фото

Amerikalik olimlar AQSHdagi har uch nafar oʻsmirning biri bir yil davomida boʻsh vaqtida birorta kitob oʻqimaganini aniqladilar. San-Diyego davlat universiteti tadqiqotchilarining aytishicha, gap nafaqat nashrlar, balki internetda tarqalayotgan va planshet yoki monitor orqali oʻqish mumkin boʻlgan elektron kitoblar haqida ham ketmoqda, deb yozadi TASS.

Tadqiqotlardan maʻlum boʻldiki, 2 foiz amerikalik oʻsmirlar gazetalarni muntazam oʻqib boradi. Vaholanki, 90-yillarda ushbu davlatdagi har uchinchi oʻsmir kundalik nashrlarni kuzatib borgan. 70-yillarda esa 60 foiz oʻsmirlar har kuni yo kitob yoki gazeta mutolaa qilgan.

“Oʻsmirlarning faolligi internetda favqulodda oshib ketayotganini qayd etmaslikning iloji yoʻq: 2016 yilda 18 yoshli maktab oʻquvchisi ijtimoiy tarmoqlar, oʻzaro yozishmalar va turli saytlarni tomosha qilishga bir kunda oʻrtacha 6 soat sarflagan. Bu 10 yil oldingi holatga nisbatan ikki barobar koʻpdir”, - deyiladi materialda. Taʻkidlanishicha, bir kunda internetda 13-14 yoshlardagi oʻsmirlar 4 soat, 15-16 yoshlilari esa qariyb 5 soat vaqtini oʻtkazar ekan.

Tadqiqot mualliflarining oʻzlari ham kitob oʻqiydigan oʻsmirlar soni juda kam ekanligidan hayratga tushgan. “Axir internetda adabiyotlardan foydalanish juda oson-ku – shunchaki havolaga bosilsa bas, ilgaridagidek kutubxonaga borib, yozilishmasa yoki kitob doʻkoniga borishmasa”, deydi tadqiqotchilar.

Yana oʻsmirlar borgan sari kam televizor koʻrayotgani ayon boʻldi. 90-yillarda 22 foiz maktab oʻquvchisi bir kunda 5 soat vaqtini ekran qarshisida oʻtkazgan. 2016 yilga kelib bu raqam 13 foizga tushib qolgan.

Izlanishlar davomida 40 yil davomida oʻsmirlar haqida qilingan shu kabi statistikalar oʻrganilib, shu asosda 1 milliondan ziyod amerikaliklar boʻsh vaqtini qanday oʻtkazishi tahlil qilib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?