Mamlakat mudofaasini boshqarish milliy markazi tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda

19:24 07 Yanvar 2019 Jamiyat
597 0

Arxiv foto

Oʻzbekistonda mamlakat mudofaasini boshqarish milliy markazi tashkil etish koʻzda tutilyapti. Bu haqda 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida koʻrsatib oʻtilgan.

Mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar qudratini oshirish boʻyicha ishlab chiqiladigan chora-tadbirlar dasturida yana quyidagilar nazarda tutilgan: -davlat harbiy xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi qonun hujjatlarini hisobga olgan holda Qurolli Kuchlarni qoʻllashni rejalashtirishning normativ-huquqiy asoslarini yangilash;

Qurolli Kuchlar jangovar tarkibi va tuzilishi sifat koʻrsatkichlarini takomillashtirish;

harbiy kadrlarni oʻqitish va qayta tayyorlash, harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligini tashkillashtirishning innovatsion yondashuvlarini ishlab chiqish;

Qurolli Kuchlar milliy ruhini yuksaltirish, askar va ofitserlarni jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash tizimini takomillashtirish;

ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida qoʻshinlarni boshqarish tartibini takomillashtirish;

qoʻshinlarni 2018-2021 yillarda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan taʼminlash, ularni modernizatsiya qilish va taʼmirlash boʻyicha kompleks dasturni sifatli ijro etish;

davlat mudofaa buyurtmasi va mudofaaga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkillashtirish sohasida yagona davlat siyosatini olib borish.

Ularning ijrosiga Mudofaa vazirligi, DXX, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi, FVV, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi, vazirlik va idoralar masʼul etib belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?