Mamlakat ichki ishlar vazirining axboroti eshitildi

17:21 28 Fevral 2020 Siyosat
300 0

Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi 2019-yil yakuni boʻyicha axborotini eshitdilar.

Taʼkidlanganidek, 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi boʻyicha muayyan ish olib borildi. Oʻtgan yilda qabul qilingan choralar natijasida jinoyatlar 3139 taga yoki 10,5 foizga kamayishiga erishilgan. Respublikada mahallalarning 33,7 foizida yoki 3074 tasida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Voyaga yetmaganlar (830/656) va xotin-qizlar (3378/2705) oʻrtasida jinoyat sodir etish holatlari kamaygan.

Ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan samarali tadbirlar natijasida giyohvandlik, korrupsiya va iqtisodiy yoʻnalishlarga oid qariyb 4,5 mingta jinoyat aniqlangan.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan oʻrganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.

Aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan, oilalardagi janjallar koʻp hollarda mahalla faollari va profilaktika inspektorlarining eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilishi keng tus olgan.

Bundan tashqari, 2019-yili 2-sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan boʻlishiga qaramasdan, IIVning bu boradagi ishlarni tartibga soluvchi buyrugʻi joriy yil 3-fevralda qabul qilingan. Shu tufayli tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning faqatgina 3 nafariga himoya orderi berilgan. 142 ta qotillikning 70 tasi (49,2%) er-xotinlar oʻrtasida kelib chiqqan nizolar sababli sodir etilgan.

Mazkur jinoyatlarning aksariyatini oʻz vaqtida oldini olish choralari mavjud boʻlgan boʻlsa-da, bunga joylardagi profilaktika inspektorlari, tegishli hokimlar, sektor rahbarlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yetarli eʼtibor qaratilmagan.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 5032 nafar ayol jinoyat sodir etgan va bu jinoyatlarni sodir etish holatlari Toshkent shahri, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida yuqoriligicha qolgan.

Odam savdosi jinoyatlarining soni 2012-2019-yillar davomida

olti barobarga kamayishiga (574-94) erishilgan boʻlsa-da, ushbu davrda bolalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar ortib borayotganligini koʻrsatmoqda.

Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hanuz koʻplab muammolar saqlanmoqda. Oʻtgan yili respublikada qayd etilgan har toʻrtinchi jinoyat (11787 ta) yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Ichki ishlar vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yigʻinlari oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar yuzasidan kunlik axborot almashinuvini qatʼiy nazoratga olish, shuningdek jinoyat sodir etishga olib keladigan sabablarni monitoring qilish va tahlil qilish ishlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Respublikaning qator hududlaridagi qator ijobiy tajribalarni, jumladan jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha Andijonning “Namunali hudud” konsepsiyasini, xotin-qizlar bilan ishlashning Buxoro tajribasini, yoshlar bilan ishlashning Fargʻona tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish zarurligiga urgʻu berildi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?