Mamlakat hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalar uchun uy-joylar beriladi

16:09 19 Iyul 2019 Jamiyat
378 0

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun 3 180 ta uy-joylar qurilmoqda.

Belgilab qoʻyilishicha, 2019-yilda 2 116 ta uy-joylar uchun:

yosh oilalarga boshlangʻich badalining 65 foizgacha boʻlgan qismini 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi stavkada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan ssuda tariqasida ajratiladi;

ipoteka krediti boʻyicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 25 foizi miqdorida toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

yosh oilalar uchun qurilishi tugallangan 1 064 ta uy-joylar qiymatining dastlabki badal mablagʻlari uchun talab etilayotgan 60 mlrd.soʻm mablagʻni 2019-yil 2-chorak yakuni boʻyicha bojxona toʻlovlarining prognoz koʻrsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan;

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining asoslangan hisob-kitobiga muvofiq 2 116 ta uy-joylar uchun yosh oilalarga boshlangʻich badalining 65 foizgacha boʻlgan qismini 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiz miqdoridagi stavkada ssuda tariqasida ajratish uchun talab etiladigan mablagʻni 2019-yilning 3-chorak yakuni boʻyicha respublika byudjetining prognoz koʻrsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga ajratishni taʼminlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?