“Malika” savdo majmuasidagi 80 foiz doʻkonlar yopib qoʻyilmagan

16:26 17 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
746 0

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuasida joriy yilning 13 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan nazorat tadbiri tafsilotlari turlicha talqin qilinmoqda.

Xususan, “tadbirkorlarning 80 foiz doʻkonlari yopib qoʻyildi”, “endi bundan buyon tekshir-tekshir boshlandi” yoki “tovarlar hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmasdan olib qoʻyildi va ertaga qaytarilmaydi” kabi mazmundagi notoʻgʻri fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Davlat soliq qoʻmitasi ularga quyidagicha izoh bildiradi.

“Malika” savdo majmuasida jami 205 ta savdo doʻkoni mavjud boʻlib, 2018 yil 15 noyabr kuni ularning 80 foizdan ortigʻi, yaʼni barcha hujjatlarga ega, qonuniy yoʻl bilan ishlayotgan savdo doʻkonlari oʻz faoliyatini odatdagidek davom ettirmoqda.

Soliq organlari tomonidan profilaktik tadbirlar va targʻibot ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan jismoniy shaxslarga oʻz biznesini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishlari uchun yordam berilmoqda. Joriy yilning birgina sentyabr-oktyabr oylarida 22 nafar shaxsning tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishiga koʻmaklashilgan.

Lekin bunday targʻibot-tashviqot ishlariga befarqlik bilan qarab, oʻz faoliyatini noqonuniy yuritib kelganlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qoʻyishga qaratilgan manzilli nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Aynan “Malika” savdo majmuasidagi nazorat tadbirida 205 ta doʻkondan 13 tasida tadbirkorlik guvohnomasi boʻlmagan shaxslar savdo bilan shugʻullanayotganligi aniqlandi. Ularga tegishli boʻlgan hech qanday hujjat va sifat sertifikatisiz, umumiy qiymati qariyb 308 mln. soʻmlik maishiy texnika vositalari, uyali aloqa telefonlari va aksessuarlar masala qonuniy hal boʻlguniga qadar vaqtinchalik olib qoʻyildi.

Nazorat tadbiri davomida hujjatsiz sotilayotgan tovarlarni vaqtincha olish yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Jumladan, tovarni olish dalolatnomasi (unda aniq roʻyxat keltirilgan), uning nusxasi huquqbuzarga taqdim etilgan.

Savdodan olingan tovarlar saqlash uchun maxsus doʻkonlarga topshirilib, ularning butligini taʼminlash boʻyicha aniq masʼul shaxslarga javobgarlik yuklatildi. Ushbu huquqbuzarlar kamchiliklarni bartaraf etsa, yaʼni 1 oylik muddat davomida oʻz faoliyatini qonuniy asosda yoʻlga qoʻysa, ular uchun hech qanday jarimalar qoʻllanilmagan holda, olib qoʻyilgan tovarlari qaytarib berilishi sud orqali hal etiladi. Bu borada tegishli ishlar boshlab yuborilgan.

Davlat soliq qoʻmitasi oʻz faoliyatini qonun doirasida olib borayotgan va soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan tadbirkorlarga hech qanday toʻsiq boʻlmasligini, faoliyati ortiqcha tekshirilmasligini yana bir bor eslatib oʻtadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?