“Malika” savdo majmuasida nima maqsadda nazorat tadbiri oʻtkazilgandi?

13:43 15 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
483 0

Toshkent shahridagi maishiy texnika vositalari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Malika” savdo majmuasida kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan nazorat tadbiri boʻyicha internet saytlarida va ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab turli talqindagi fikrlar tarqalmoqda.

Ushbu holat yuzasidan Davlat soliq qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqida DSQ Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi xabar berdi.

Joriy yilning 13 noyabr kuni “Malika” savdo majmuasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida 13 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, chet elda ishlab chiqarilgan va respublikamizga yashirin yoʻllar orqali olib kirilib, hech qanday hujjatlarsiz maishiy texnika savdosi bilan shugʻullanayotganligi aniqlangan.

Ushbu fuqarolar isteʼmolchilar huquqlarini qoʻpol ravishda buzib, sifat sertifikatiga ega boʻlmagan tovarlar savdosi hamda sogʻlom raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatgan holda, davlat byudjeti oldida majburiyatlarni bajarmay, umuman soliqlarni toʻlamagan.

Nazorat tadbiri davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda savdoga qoʻyilgan umumiy qiymati qariyb 308 mln. soʻmlik soʻmlik 66 ta maishiy texnika vositalari, 7,8 mingta uyali aloqa va aksessuarlar Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksi”ning 176-moddasiga asosan masala qonuniy hal boʻlguniga qadar vaqtinchalik olib qoʻyildi.

Davlat soliq qoʻmitasi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan va qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning savdo bilan shugʻullanishi uchun hech qanday toʻsqinlikka yoʻl qoʻyilmasligini maʼlum qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?