Malayziyaning mashhur “Marrybrown” kompaniyasi nega Oʻzbekiston bozoriga kirmoqchi?

12:50 11 Mart 2019 Jamiyat
215 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov “Marrybrown Sdn. Bhd.” moliyaviy direktori Devid Liyu bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

“Marrybrown Sdn. Bhd.” Malayziyadagi “halol” tamoyili asosida sertifikatlangan fastfud restoranlarining eng yirik tarmogʻi hisoblanadi. Uning oʻz mamlakati hududida 130 ta, dunyodagi 20 ta davlatda esa 350 dan ziyod restoranlari bor.

Devid Liyu franchayzing asosida ovqatlanish nuqtalari tarmogʻini ochish boʻyicha oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanligini bildirdi. Kompaniya savdo belgisidan foydalanish huquqini berish shartlari hamda narxlari Oʻzbekiston tomonidan aniq sherik topilgandan soʻng muhokama qilinadi.

Eʼtiborlisi, “Marrybrown” brendi Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharqda juda mashhurdir. Uning Oʻzbekistonga ham kelishi yuqoridagi hududlardan turistlarni jalb etish uchun oʻziga xos “langar” vazifasini bajarib berishi mumkin, deb hisoblaydi TIV. 

Muzokaralar yakunida joriy yil aprel oyida kompaniya vakillarining Toshkentga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Maʼlumot uchun, “Marrybrown Sdn. Bhd.”ga 1981 yilda asos solingan. Halol taomlari bilan tanilgan ushbu kompaniya Singapur, Shri-Lanka, Hindiston, Eron, Ozarbayjon, Xitoy, Kuvayt, Qatar kabi mamlakatlarda faoliyat olib boradi. Uning restoranlarida qovurilgan tovuq, gamburgerlar, desertlar, ichimliklar, baʼzan malay milliy taomlari sotiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?