Malayziya Oʻzbekistondan sulili pechenyelar xarid qilmoqchi

16:51 08 Aprel 2019 Jamiyat
262 0

Yaqinda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida MIHAS-2019 16-Xalqaro halol mahsulotlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Mezbon davlat xalqaro savdo va sanoat vazirligi hamda Tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) tomonidan 2004 yildan buyon har yili tashkil etib kelinayotgan mazkur tadbir oʻz yoʻnalishida Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik forum hisoblanadi.

Bu galgi koʻrgazmada oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, halol kosmetika, islom modasi, toʻqimachilik va dori vositalari, turizm, moliya, logistika va elektron tijorat jabhasidagi xizmatlar taqdim qilindi. Unda 800dan ziyod mashhur kompaniyalar oʻz tovarlari bilan qatnashgan boʻlsa, bularni koʻrish uchun dunyoning 80 davlatidan 23 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, ushbu nufuzli anjumanda respublikamizning Malayziyadagi elchixonasi ham oʻz milliy stendi bilan ishtirok etdi. Mamlakatimiz oziq-ovqat sanoati vakillari, xususan, “Elite Food Group” va “For Tea” kompaniyalari mahsulotlari koʻpchilikka manzur boʻldi. Malayziya, Singapur, Indoneziya va Xitoy biznes doiralarida Oʻzbekiston mahsulotlarining yuqori taʼm sifatiga ega ekanligini alohida eʼtirof etishgani buning tasdigʻidir.

Jumladan, diyorimizda ilgʻor va innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan bir martalik ketchup, mayonez, asal va souslar dunyodagi yetakchi aviakompaniyalar, mehmonxona va tez ovqatlanish restoranlari eʼtiborini oʻziga tortdi. Qolaversa, koʻrgazmada hozir boʻlgan jahonga mashhur qahvaxonalar tarmogʻi mutasaddilari kelgusida Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari hududlarida sotish uchun Oʻzbekistonda tayyorlangan turli pechenyelarni xarid qilishga qiziqish bildirdilar.

“MIHAS-2019” yakunida Oʻzbekiston vakillari Malayziya kompaniyalari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha dastlabki shartnomalarni imzolashdi. Jumladan, “Elite Food Group” MCHJ Malayziyaning “Air Asia” aviakompaniyasi bilan hamda Malayziya, Singapur va Indoneziyadagi tez ovqatlanish restoranlariga mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha “Batavia Indo Global PT” bilan ham kelishuvga erishdi. Shuningdek, “Old Town” kompaniyasi qahvaxonalari, Malayziya bozorlariga sulili va shokoladli pechenyelar sotish, 2019 yil II-III choraklarida Oʻzbekistonga malayziyalik 400-500 nafar sayyohlarni yuborishga oid bitimlar qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?