Malayziya kinokompaniyasi Xorazm haqida teleserial suratga oladi

16:29 19 Avgust 2019 Jamiyat
94 0

Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov Aquila Emas kinokompaniyasi direktori Mohd Iso bilan Oʻzbekiston haqida film va videoroliklar turkumiini suratga olish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Maʼlumot uchun, 2005-yilda asos solingan Aquiula Emas tele va radiokompaniyalar buyurtmasi asosida maxsus video, audioroliklar hamda filmlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanib keladi. 2015-yilda ushbu brend Buxoro viloyatida Fajar Di Bukhara(“Buxoroda tong”) badiiy filmini suratga olgan edi.

Mazkur ijod mahsuli Malayziya, Singapur, Bruney va Indoneziya telekanallarida translyatsiya qilingan. Eʼtiborlisi, Anugerah Telenovela Award 2015 nufuzli mukofotiga ham loyiq koʻrilgan.

Muzokaralar chogʻida Malayziya tomoni respublikada zamonaviy kinoindustriya rivoji, shuningdek, xorij kompaniyalariga Oʻzbekistonda mahsulotlar yaratish uchun imtiyozlar berilayotganini yuqori baholadi.

Yakunda 2019-yil oktyabr oyida Mohd Isoning mamlakatimizga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi. Mazkur safar chogʻida Xorazm viloyati haqidagi 26 seriyali yangi teleserial, qolaversa, hujjatli-xronologik, xususan, Oʻzbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari haqida filmlar suratga olish, Malayziyaning mashhur telekanallari buyurtmasiga binoan yurtimiz sayyohlik salohiyati haqidagi noyob shou(travel show)ni tayyorlash masalalari koʻrib chiqiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?