“Maktablarni pulli qilish — Konstitutsiyani buzish” — Akmal Saidov

09:54 08 Avgust 2019 Jamiyat
251 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokida “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosi yuzasidan ochiq muloqot boʻlib oʻtgani haqida xabar bergan edik.

Unda Akmal Saidov bolalar huquqini himoya qilish maqsadida turar joy va fuqaroligidan qatʼiy nazar barcha ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi kafolatlanishi haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Jumladan:

- bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini toʻliq koʻrib chiqish;

- 14 yoshga toʻlgan bola, aliment undirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilinmagan boʻlsa, oʻzining taʼminoti uchun mustaqil ota yoki onadan, agar ular bilan yashamayotgan boʻlsa bir vaqtning oʻzida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishi;

- bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda daʼvogar davlat boji va toʻlovlardan ozod qilinishi;

- ayol va erkaklar uchun nikoh yoshi qatʼiy 18 yosh etib belgilangani va yana bir qator yengillik va huquqlar yaratilganini aytib oʻtildi.

“Men bir masalada alohida toʻxtalishni istar edim: soʻnggi vaqtda ijtimoiy tarmoq va aholi oʻrtasida koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan umumtaʼlim maktablarining pulli qilinishi va shu kabi masalalarning barchasi — assosiz daʼvo, — dedi Akmal Saidov. — Konstitutsiyamizning 41-moddasida aynan Oʻzbekistonda umumtaʼlim maktablar bepul ekanligi koʻrsatilgan. Asosiy Qonunni buzish, unga qarshi ishlash aslo mumkin emas”.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan mamlakatda bola huquqlari qay darajada himoyalanishi borasida koʻplab savollar berildi. Muloqotlarni quyida dialog shaklida eʼtiboringizga havola etamiz.

Jurnalist:

— Nega bir oilada 3 ta egizak tugʻilganda, ularning faqat bittasiga bola puli toʻlanadi? Qolgan ikkita bolaning huquqlari poymol qilingan hisoblanmaydimi?

Akmal Saidov:

— Men sizning savolingizga toʻla qoʻshilaman. Uchala bolaga ham albatta bir xil miqdorda ijtimoiy yordam puli toʻlanishi shart.

Jurnalist:

— Ota-onasi boʻla turib, farzandini Mehribonlik uylariga topshiradiganlarga qarshi biror chora koʻriladimi?

Akmal Saidov:

— Afsuski, bugungi kunda Mehribonlik uyi bolalariga yaratib beriladigan keng imkoniyatlardan foydalanish maqsadida ayrim ota-onalar boqish imkoniyati yoʻqligini pesh qilib, farzandini bunday uylarga topshirishmoqda. Ularga qarshi keskin choralar koʻrilgani haqida sizga aniq maʼlumot aytolmayman, biroq mahalla faollari va “Oila” markazlari xodimlari bilan hamkorlikda bu kabi oilalarga har bir farzand oilada kamol topishi zarurligi borasida tushuntirish ishlari olib boriladi.

Jurnalist:

— Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari tomonidan yoki Mehribonlik uyi bolalarining tilanchilik qilishlari holatlari koʻpaygan. Buning oldini olishga yoxud farzandini tilanchilik qilishga majburlagan ota-onalarga qarshi chora qoʻllashga qaysi davlat idorasi koʻproq masʼul?

Akmal Saidov:

— Bugungi kunnning ogʻriqli va dolzarb muammolaridan biri aynan shu masala hisoblanadi. Ichki Ishlar xodimlari va mahallalar bu kabi holatlarni nazorat qilishadi va tegishli choralarni koʻrishadi.

Jurnalist:

— Oʻtgan yilda bolalar huquqining buzilishi qaysi hududda va qay jabhada koʻproq kuzatildi?

Akmal Saidov:

— Sizga aniq raqamlar bilan statistikani keltirolmasam-da, aytishim mumkinki, Oʻzbekistonda bolalarning huquqlari buzilish holatlari nisbatan past.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?