Maktablarimizda ahvol jiddiy — deputat

15:06 10 Sentyabr 2020 Siyosat
546 0

Pandemiya sabab birinchi boʻlib maktablar yopilgandi. Chunki hali oʻzimiz ham yaxshi tushunmagan kasallik bolalar oʻrtasida avj olib ketishi mumkin edi.

Oradan 6 oy vaqt oʻtib, oʻqishning anʼanaviy yoki onlayn boʻlishi boʻyicha ota-onalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi.

Kimdir onlayn, kimdir anʼanaviy boʻlsin dedi. Har holda ishlaydiganlar uchun anʼanaviy maʼqul variant. Sababi, ertalabdan kechgacha ishda yuradigan ota-onaning farzandiga onlayn darslarni muntazam qildirishga imkoni yoʻq. Kechki payt ishdan qaytgan ona ham osh-ovqat, uy yumushlariga urinib, bunga vaqti ham, holi ham qolmasligi aniq. Uyga vazifalarni zoʻrgʻa qildirsa ham katta gap.

Anʼanaviy deganlar koʻpchilikni tashkil etgani tufayli maktablar 14-sentyabrdan ochiladigan boʻldi.

Hammasidan qizigʻi esa maktablarimizdagi sanitar holat, bolalarning qoʻl yuvishiyu kiraverishda dezinfeksiyalanishi, haroratini oʻlchash lozim boʻladi.

Buning uchun esa maktablarimizda yetarli sharoit yoʻq.

Yuqoridan topshiriq kelgan, deya ayrim maktablar bu sharoitlarni qilishga urinishyapti. Ammo, bunga ketadigan xarajatlar mahalliy hokimiyat hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, yana kaltak direktorlarning, xoʻjalik mudiri va oʻz sinfi uchun qaygʻurishi lozim boʻlgan oʻqituvchining boshida sinmoqda.

Yaqinda bir qishloq maktabining xoʻjalik mudiri aytib qoldi: “Maktabimiz kiraverishiga dezinfeksion yoʻlakcha, qoʻl yuvadigan suv bochkasi, yana lenta bilan bolaning masofa saqlab kirishi uchun yoʻnalish belgilab qoʻyilgan. Ammo, shularning barini oʻz hisobimizdan qildik. Olgan oyligim roʻzgʻorimga yetmaydiyu yana bular menga ortiqcha dahmaza boʻldi-da.»

Yana bir oʻqituvchining ohidan tutun chiqdi «Deputatman deb yuribsiz-da, bizni hech kim hech nima bilan taʼminlagani yoʻq. Hamma oʻqituvchi choʻntagidan olib boʻldi. Sinf uchun toʻshama, shvabra, satil, dozator yana oʻquvchilarim va oʻzim uchun maska. Bu yoqda hali oʻzimning bolalarim turibdi. Ularga endi olaman.

Mayli, bir martaga oldik biz, lekin keyin-chi, keyin nima qilamiz? Yana choʻntagimizni yirtib, roʻzgʻordan qiyamizmi?»

Bu bitta maktabdagi ikki kishining hasrati. Agar boshqalarini ham eshitsangiz, eshitgulik sabringiz yetmaydi.

Bu ham mayli, ammo yana bir masala bor. Oʻqituvchilarni koronavirusga testdan oʻtkazish. Men bilgan kattaroq tumanlardan birida 100 oshiq maktabda 5 mingga yaqin oʻqituvchi ishlar ekan. Tumandagi koronavirusga test olish laboratoriyasi bir kunda bor-yoʻgʻi 70-80 odamni oʻtkaza olish imkoniga ega. Shu kungacha 400ga yaqin oʻqituvchidan test olingan, ularning 24 tasida koronavirus aniqlangan. Endi tasavvur qiling, 14-sentyabrgacha qolgan 4600 oʻqituvchini testdan oʻtkaza olishning imkoni yoʻq. Bu yogʻiga bor barakalla, qilib, oʻqituvchi kasallanganmi, yoʻqmi, farqi yoʻq, deb ishga chiqaraveramiz. Bola nima boʻlsa boʻladi-da, qabilida ish tutiladi, shekilli.

Eng qizigʻi, har bir maktabda hamshiralar boʻlishi shart va zarur. Chunki oʻquvchini kimdir haroratini oʻlchab qabul qilishi, darslar davomida qaysiningdir tobi qochsa, darhol yordam koʻrsata oladigan odam ham tibbiy bilimi bor hamshirada. Lekin aksariyat maktablarda bunday shtatning oʻzi yoʻq. Eshitishimcha, oilaviy poliklinikalardagi hamshiralar 0,5 stavkaga maktablarga jalb etilayotgan ekan. Soʻrab-surishtirsam, 0,5 stavkaning maoshi 300 ming atrofida boʻlarkan. Baʼzi maktablarda 2-3 smenadan darslar oʻtilishini hisobga olsak, hamshira bechora 300 ming soʻm oylik uchun ertalabdan kechgacha maktabda sargʻayib oʻtirishiga toʻgʻri keladi. Ammo, bunga kim rozi boʻladi?

Xullas, gapiray desang, gap koʻp, ish ham moʻl. Ammo, bor yukni maktab direktorlari va oʻqituvchilarga ham yuklash adolatdan emas.

Mutasaddilar ushbu vaziyatga jiddiyroq eʼtibor qaratishsa, yaxshi boʻlardi.

Faxriddin SAMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?