Maktablarga yangi oʻquv yili uchun sinf jurnallari va boshqa hujjatlarni yetkazish jarayoni boshlandi

14:05 21 Avgust 2019 Jamiyat
98 0

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yangi 2019-2020 oʻquv yili uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablariga sinf jurnallari va boshqa hujjatlarni yetkazib berish ishlari boshlandi. Bu haqda XTV xabar berdi.

Vazirlik tomonidan maktablarga jami 247 372 dona sinf jurnallari yetkazib beriladi. Jumladan, taʼlim muassasalariga 1-4-sinflar uchun 99 440 dona, 5-9-sinflar uchun 108 840 dona, 10-11-sinflar uchun 39 092 dona sinf jurnallari yetkazib berilmoda.

Bundan tashqari, maktablarga baholar tabeli, toʻgarak mashgʻulotlari jurnali kabi boshqa hujjatlar ham yetkaziladi.

Yangi oʻquv yilining boshidan (4-sentyabrdan) barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquv jarayonida foydalanish uchun sinf jurnallari bilan toʻliq taʼminlanadi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda sinf jurnallarini tayyorlash jarayonida ularni dizayn va sifat jihatidan zamon talablariga javob berishi, oʻqituvchilar uchun qulaylik yaratishiga alohida eʼtibor qaratildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?