Maktablarda oʻzbek tilidagi taʼlimning sifati va nufuzini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratiladi

15:03 01 Avgust 2019 Jamiyat
142 0

Xalq taʼlimi vazirligida milliy oʻzbek maktabining sifati va nufuzini oshirish boʻyicha ishchi guruhining ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi XTV matbuot xizmati.

Yigʻilish kecha Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida oʻtkazildi.

Unda Toshkent shahridagi yaxshiroq natijalarga erishgan asosan oʻzbek tilida dars beriladigan maktablar direktorlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan milliy oʻzbek maktabining sifati va nufuzini oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Mazkur maktablarda qanday qilib taʼlim sifati oshirilganligi va ota-onalar oʻrtasida talab yuqori boʻlishiga erishilganligi boʻyicha fikr almashildi.

Maktab direktorlari oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, tajribali hamda yuqori malakali pedagoglarni ragʻbatlantirish tizimini qayta koʻrib chiqish kerakligi taklifini berdi.

Bundan tashqari, maktabda baʼzi fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish va 10-11-sinflarda oʻquvchi qiziqishiga qarab fanlarni tanlash imkoniyatini beradigan tizimni joriy etish taklif etildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar bilan birgalikda boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash joizki, maktablarda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha ishchi guruh muntazam ravishda yigʻilish oʻtkazadi. Taʼlimga oid muammo hamda tizimni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni koʻrib chiqadi.

Xalq taʼlimi vazirligi davlat tilida dars beriladigan maktablarni yanada rivojlantirish boʻyicha jamoatchilik takliflarini ham koʻrib chiqishga tayyor. Oʻz takliflaringizni quyidagi havola orqali yuborishingiz mumkin:


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?