Maktablarda korrupsiyaga qarshi kurashish oyliklari oʻtkaziladi

17:11 24 Dekabr 2018 Jamiyat
734 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Adliya vazirligi aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish boʻyicha hamkorlik dasturini imzoladi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur doirasida vazirliklar xalq taʼlimi sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash va qonun hujjatlari ijrosini tashkil etish, shuningdek, mazkur sohaga doir qonun hujjatlarini keng targʻib qilish, yosh avlodning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishda oʻzaro hamkorlik qiladi. Jumladan, tomonlar xalq taʼlimi muassasalarida huquqiy savodxonlik burchaklarini tashkil etadi.

Shu bilan birga, vazirliklar xalq taʼlimi muassasalari xodimlari faoliyatini mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq tashkil etishda hamkorlik qilishi belgilangan. Xususan, tomonlar Oʻzbekiston boʻylab xalq taʼlimi muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va “odob-axloq” oyligini oʻtkazish hamda korrupsiya haqida tezkor va anonim xabar berish tizimini takomillashtirish boʻyicha ish olib borishni rejalashtirgan.

Xalq taʼlimi vazirligiga oʻqituvchi obroʻsi, shaʼni va qadr-qimmatini oshirish vazifasi yuklatilgan. Dastur doirasida vazirliklar ushbu yoʻnalishda oʻquvchilar va ota-onalar ishtirokida tadbirlarni amalga oshiradi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan xalq taʼlimi sohasidagi kamchiliklar hamda yuzaga kelayotgan muammolar boʻyicha tezkor munosabat bildirib borishda ham tomonlar hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Shu bilan birga vazirliklar xalq taʼlimi sohasiga doir qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini yoritib berishga qaratilgan tarqatma targʻibot materiallarini tayyorlash va boshqa shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Dastur doirasida “Huquqiy savodxonlik oyligi”, “Odob-ahloq oyligi” kabi tadbirlar, maktablarda huquqiy savodxonlikni oshirish uchun maxsus darslar oʻtkazish rejalashtirilgan. Maktablarda boʻlajak huquqshunoslarni tarbiyalash dasturlari amalga oshiriladi.

Ushbu loyiha huquqiy targʻibot sohasida Xalq taʼlimi va Adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirishi hamda bu borada qonun ustuvorligini taʼminlanishiga, shuningdek, yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?