Maktablar taʼmiri hamda ekspluatatsiyasiga ajratiladigan mablagʻlar yetarli(mi?)

16:38 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
74 0

Qator OAVlarda umumtaʼlim muassasalari taʼmiriga yetarli mablagʻ ajratilishi, shunga qaramay ota-onalar qoʻmitasi tomonidan maktabga yordam berish uchun pul yigʻilishi notoʻgʻri ekanligi mazmunida maqolalar eʼlon etildi. Shu munosabat bilan maktab xarajatlari boʻyicha smetalarini ochiq eʼlon etib borish boʻyicha ish boshlandi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.

Asosiysi, maktab Kuzatuv kengashi aʼzolari ushbu smetalarda koʻrsatilgan mablagʻlarning qanchaligi va nima uchun sarflanishini yaxshi tushunib olishi kerak. Shundagina haqiqiy holatga adolatli baho beriladi.

Taʼkidlash joizki, umumtaʼlim muassasalarini moliyalashtirish mamlakatimiz qonunchiligi doirasida byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi kerak. Har bir maktab yil davomida tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida mablagʻ oladi. Mazkur mablagʻning asosiy qismi maktab xodimlarining oylik ish haqi va u bilan bogʻliq toʻlovlariga yoʻnaltiriladi. Mablagʻning qolgan qismi esa kommunal hamda aloqa (telefon, internet) uchun toʻlovlar, maktabni joriy taʼmirlash (remont) uchun, qogʻoz, kanselyariya va xoʻjalik mollari, kompyuter texnikalari, kitoblar xaridi va boshqa turli tegishli xarajatlarga ajratiladi, bu kabi xarajatlar – Boshqa xarajatlar deb nomlanadi.

Maktab uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari smetaning “tovar-moddiy zaxiralar” bandida ajratilgan mablagʻdan olinishi mumkin, shuningdek ushbu band doirasidagi mablagʻlardan kanselyariya va xoʻjalik mollari ham olinadi.

Misol uchun, Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi maktablarni olsak, tovar-moddiy zaxiralar uchun 2 mln.dan 11 mln. soʻmgacha mablagʻ ajratilgan, shu bilan birga umuman bu maqsadlarga pul ajratilmagan maktablar ham mavjud.

Maktablarga byudjetdan yetarlicha mablagʻ ajratilgan, deb taʼkidlayotganlar uchun smeta xarajatlarini soddaroq koʻrsatadigan boʻlsak, byudjetdan maktab uchun qurilish materiallari (kraska, emulsiya, shpatlevka va h.k.), kanselyariya va xoʻjalik mollarini xarid qilish uchun Olmaliq shahridagi bir oʻquvchiga yiliga oʻrtacha 4 ming soʻm, oyiga 348 soʻm toʻgʻri kelar ekan. Bir sinfda oʻrtacha 35 ta oʻquvchi boʻlsa, oyiga 12 ming soʻmga qanchalik sinfni taʼmirlab, kerakli jihoz va tovarlarni xarid qilsa boʻladi?

Bir oʻquvchiga oʻrtacha qogʻoz uchun yiliga 494 soʻm, oyiga – 41 soʻm ajratilar ekan, yaʼni bir sinfga yiliga 15 ming soʻm, oyiga esa 1 200 soʻm toʻgʻri kelarkan. Bu summaga qancha (hozirda bir pachka qogʻozni oʻrtacha narxi 32 ming soʻm) pachka qogʻoz xarid qilsa boʻladi? Mazkur ajratilgan mablagʻ nafaqat taʼlim, balki maktab maʼmuriyati ishini tashkil etishga yetarmikan?

Shu bilan birga, maktabning joriy taʼmirlash ishlari (kuz-qish mavsumiga maktabni tayyorlash)ga ham mablagʻ ajratiladi. Olmaliq shahrida joylashgan maktablar uchun 765 mln. soʻm ajratilgan, lekin 320 mln. soʻm mablagʻ “Obod qishloq, obod mahalla” dasturiga yoʻnaltirilgan. Shunda qolgan 445 mln. soʻm mablagʻni tahlil qilsak, bir oʻquvchiga oʻrtacha yiliga 18 ming soʻm, oyiga – 1,5 ming soʻm ajratilar ekan. Yaʼni, bir sinfga oʻrtacha yiliga 575 ming soʻm, oyiga esa 47 ming soʻm toʻgʻri keladi.

Lekin Olmaliq shahri 445 mln. soʻmning hammasini (majbur) faqat bitta maktabga ajratgan. Bunga shahardagi 15-maktabning tomidan chakki oʻtgani, isitish tizimi umuman ishlamasligi va taʼlim-tarbiya jarayonini ayanchli ahvol holatga kelgani sabab boʻlgan. Olmaliq shahri maktablariga jami byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan 95,5 foizi xodimlarning ish haqi va u bilan bogʻliq xarajatlarning 2 foizi – kommunal va qolgan 2,5 foizi esa boshqa (joriy taʼmirlash, kanselyariya va xoʻjalik mollarini xarid qilish, qogʻoz, kutubxona fondi, telefon va internet xarajatlari, jihozlash va h.q.) xarajatlarni tashkil etadi.

Ajratilgan mablagʻni maktab maʼmuriyati muassasalarni joriy taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari hamda muassasani yangi oʻquv yiliga, kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlariga sarflashlari lozim. Albatta, bu mablagʻlar maktablarni toʻliq va sifatli taʼmirlashga yetarli emas. Shu tufayli maktab rahbariyati yillar davomida pul yigʻishga majbur boʻlgan.

Hozirda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan mazkur holatni bartaraf etish uchun maktablar tizimini moliyalashtirish va qoʻshimcha mablagʻ topish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktablarda “vaucher” tizimini (bola boshiga moliyalashtirish) joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu tizimga asosan maktablarga oʻquvchilar soniga qarab byudjetdan mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, Respublika boʻyicha byudjet mablagʻlari adolatli va shaffof taqsimlanib, byudjetdan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun pullik xizmat (boʻsh joylarni ijaraga berish, pullik toʻgarak)lar tashkil etish imkoniyatlari yaratiladi. Maktablarga qoʻshimcha mablagʻ topgan holda xodimlarni ragʻbatlantirish va maktabning moddiy-texnika bazasini yaxshilash imkoni berildi.

Maktablarga qoʻshimcha mablagʻ topishning yana bir yoʻli homiylarni jalb etishdir. Homiylar turli korxonalar, sobiq bitiruvchilar, oʻquvchilarning ota-onalaridan iborat boʻlishi mumkin.

Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Yaʼni, pul mablagʻlari maktab hisobiga tushishi va homiylar mablagʻlarni sarflanishi boʻyicha maʼlumotni olishlari uchun sharoit yaratilishi kerak.

Byudjetdan va qoʻshimcha ishlab topilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli sarflanishi nazoratida maktablarda tashkil etilgan Kuzatuv kengashlari va ota-onalarning oʻrni katta. Ota-onalar Kuzatuv kengashi orqali mablagʻlarning sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda koʻmak berishlari lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?