Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

14:29 01 Oktyabr 2018 Hujjatlar
2813 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Maktabgacha taʼlim tizimini yaxlit uzluksiz taʼlim tizimining muhim boʻgʻini sifatida yanada takomillashtirish, maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, bolalarni har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) negizida quyidagilarni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) davlat muassasasi shaklida tashkil etish hamda unga quyidagi vazifalarni yuklash:

taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimining joriy etilishini taʼminlash;

taʼlim-tarbiya jarayonida, maktabgacha tarbiya tizimining pedagog va rahbar xodimlari tarkibini oʻqitish jarayonida foydalanish hamda turli telekommunikatsiya kanallari orqali tarqatish uchun media-kontent tayyorlash va ishlab chiqarish;

maktabgacha taʼlim muassasalari uchun oʻquv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash va ishlab chiqarish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

maktabgacha taʼlimni boshqarishning zamonaviy standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;

maktabgacha taʼlim tizimiga joriy etilayotgan taʼlim usullari va dasturlarini tahlil qilish va samaradorligini baholash;

b) Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Institutni maktabgacha taʼlim tizimi buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq investitsiya loyihalari boʻyicha, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda bosh loyiha tashkiloti sifatida belgilash;

v) Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda — Injiniring kompaniyasi) davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Injiniring kompaniyasiga maktabgacha taʼlim tizimi obyektlarini qurish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini yuklash hamda kompaniya xizmatlari bilan bogʻliq xarajatlarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish qiymatiga kiritish;

g) yuridik shaxs tashkil qilmasdan Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish.

Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Respublika byudjeti mablagʻlari, shu jumladan, 2018-2019 yillarga moʻljallangan, har chorakda ajratilib, har yili byudjet qoidalariga muvofiq indeksatsiyalanadigan jami 100 milliard soʻm miqdorida;

davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining foydalanilmayotgan koʻchmas mulkini sotishdan tushgan mablagʻlar — 100 foiz miqdorida;

Vazirlik tuzilmasiga kirgan tashkilotlar va muassasalar faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Vazirlik ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, maqsadli jamgʻarmalari va byudjetdan tashqari jamgʻarmalari daromadiga undirilgan byudjet mablagʻlarining noqonuniy xarajatlari, oʻgʻrilik, kamomad summalarining 50 foizi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablagʻlari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzi), grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qoʻyilsinki:

a) Jamgʻarma mablagʻlari:

maktabgacha taʼlim muassasalarini belgilangan tartibda maqsadli qurilishlar roʻyxatiga kiritib, ularning tarmogʻini kengaytirishga;

maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga;

yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;

Vazirlikka yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy va oliy taʼlim muassasalari, yetakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchilar sifatida jalb qilishga;

Vazirlik xodimlarini, jumladan, xorijda oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilishga;

Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi, maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlimlari va davlat maktabgacha taʼlim muassasalari binolarini jihozlash va taʼmirlashga;

taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi;

b) Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda, Jamgʻarma tomonidan xorijiy davlatlar va hukumatlardan, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlaridan, chet ellik fuqarolardan begʻaraz yordam olinishi haqida qarorlar qabul qiladi.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi markaziy apparatining yangilangan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik tizimi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 2 324 nafar, shu jumladan, Vazirlik markaziy apparati xodimlari 138 nafar, shuningdek, metodistlar 471 nafar etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziriga:

Vazirlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni chegarasida oʻzgartirishlar kiritish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi, maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlimlari, boshqa idoraviy mansub tashkilotlarning nizomlari va tuzilmalarini, shuningdek, ularning boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini tasdiqlash huquqlari berilsin.

3. Belgilansinki:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyat va Toshkent shahar maktabgacha taʼlim boshqarmalari, maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri tomonidan joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

b) 2019 yil 1 yanvardan:

maktabgacha taʼlim tizimining pensiya yoshidagi xodimlariga, ularning maktabgacha taʼlim tizimi muassasalaridagi faoliyati asosiy ish joyi boʻlgan taqdirda, pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi;

maktabgacha taʼlim bilan bogʻliq yoʻnalish boʻyicha faoliyatga litsenziya berish uchun majburiy litsenziyaviy talab maktabgacha taʼlim muassasasi, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli axborotni Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimiga kiritishdir;

nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi litsenziyasini toʻxtatish yoki bekor qilish uchun Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimida maktabgacha taʼlim muassasasi, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli axborotning yoʻqligi asos boʻladi.

4. 2018-2019 yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgar ekanligi koʻrsatilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasidan Markazga begʻarazlik asosida bosqichma-bosqich 10 million AQSH dollari ekvivalentida, shu jumladan, 2018 yilda Markazni joylashtirish, jihozlash va saqlash bilan bogʻliq tashkiliy-amaliy tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratsin;

Vazirlik bilan birgalikda belgilangan tartibda maktabgacha taʼlim muassasalarining Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan keng polosali internet tarmogʻidan foydalanishini taʼminlasin.

6. Quyidagilar:

xorijiy sheriklar bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida ilgʻor pedagogik texnologiyalar va innovatsion oʻqitish usullarini joriy etish hamda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan, maktabgacha taʼlim sohasida korxonalar tashkil qilish uchun olib kiriladigan tovarlar;

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Markaz, Injiniring kompaniyasi va Institut tomonidan olib kiriladigan maxsus texnika, uskunalar, shu jumladan, asboblar, ehtiyot va butlovchi qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy mahsulotlar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha 2022 yilning 1 yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, yuqorida koʻrsatilgan tovarlardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda, bojxona imtiyozlari berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti foydasiga undiriladi hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi:

2019 yil 1 yanvardan Toshkent shahrining uchta tumanida jon boshiga normativ moliyalashtirishning sinov rejimida joriy etilishini;

2019 yil 15 iyulgacha boʻlgan muddatda sinov tariqasidagi jon boshiga normativ moliyalashtirish natijalarining batafsil tahlil qilinishini;

2019 yil 1 avgustgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazilgan tahlil natijalarini hisobga olgan holda maktabgacha taʼlim tizimida moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Vazirlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrgacha boʻlgan muddatda qishloq joylarda bir nechta koʻp qavatli turarjoy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartibini ishlab chiqsin hamda koʻp qavatli turarjoy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino koʻrinishida maktabgacha taʼlim muassasasi boʻlishini nazarda tutsin.

9. Belgilansinki:

qishloq joylarda bir nechta koʻp qavatli turarjoy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha taʼlim muassasasining eng kam quvvati 50 oʻrindan kam boʻlmasligi kerak;

qurilgan maktabgacha taʼlim muassasalari binolari yoki xonalari davlat yoki nodavlat taʼlim muassasalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida, turarjoy mulkdorlarining qaroriga muvofiq tashkil qilish uchun foydalanilishi mumkin;

davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va koʻchmas mulkni olib qoʻyish faqat Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini qayta tashkil etish yoki tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va koʻchmas mulkni olib qoʻyish haqida Vazirlik bilan kelishmagan holda qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

10. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda Vazirlik Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda 2019 yil 1 martgacha boʻlgan muddatda 2025 yilgacha maktabgacha taʼlim muassasalarini ichimlik suvi, isitish tizimi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash dasturi loyihasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MCHJ hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha:

bolani davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanganda;

maktabgacha taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan bolalar uchun jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqamini berish boʻyicha xizmatni joriy etsin.

12. Vazirlik:

a) oʻn kunlik muddatda Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining Vasiylik kengashlarini tugatsin hamda Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining Kuzatuv kengashlarini tuzsin;

b) bir oylik muddatda:

davlat maktabgacha taʼlim muassasalari tomonidan dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin belgilangan dasturdan tashqari faoliyat ixtisosligi boʻyicha qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatish (bolalarni parvarishlash, qarab turish, oʻqitish boʻyicha va boshqalar) tartibini tasdiqlasin;

Maktabgacha taʼlim muassasasining kuzatuv kengashi haqida nizomni tasdiqlasin va unda, shu jumladan, Kuzatuv kengashiga Vazirlikning hududiy boʻlinmalari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan maktabgacha taʼlim muassasasi rahbarini saylash huquqi berilishi nazarda tutilsin.

13. Belgilansinki:

a) Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalarining Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, tovarlar, ishlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish boʻyicha umumiy xarajatlar (homiylik, begʻaraz yordam summalaridan tashqari) qoplangandan keyin moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlar uchun foydalaniladi;

b) davlat maktabgacha taʼlim muassasasi hisobvaragʻiga qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha umumiy xarajatlar qoplangandan keyin:

80 foizi — maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda maktabgacha taʼlim muassasasi moddiy-texnika bazasini yaxshilashga (taʼmirlash, inventar va uskunalar, oʻquv-uslubiy materiallar sotib olish va boshqalar);

10 foizi — Jamgʻarmaga;

5 foizi — tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimining Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasiga;

5 foizi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasining Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirishni birgalikda moliyalashtirish, davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini jihozlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlanadigan 2018-2019 yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari dasturini birgalikda moliyalashtirish uchun donor mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlar mablagʻlarini (kreditlar, qarzlar, grantlar) davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilishni taʼminlasin.

15. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibini belgilaydigan Hukumat qarorini, bunday vakolatlar berilgan organlarning qatʼiy roʻyxatini, tekshiruvlarni tayinlash va oʻtkazishning huquqiy asoslarini koʻrsatgan holda ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini noqonuniy tekshirishlarga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan nazoratni kuchaytirsin hamda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq qatʼiy javobgarlik choralarini qoʻllasin.

Nazorat qiluvchi organlar joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish chogʻida aniqlangan qoidabuzarliklarning bartaraf etilishi va keyinchalik yoʻl qoʻyilmasligiga har tomonlama yordam koʻrsatsin.

17. Moliya vazirligi mazkur qarorning amalga oshirilishi uchun zarur mablagʻlarni 2018 yilda “Taʼlim” tarmogʻi boʻyicha Davlat byudjeti parametrlari chegarasida ajratsin, 2019 yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida har yili nazarda tutsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Markaz, Institut va Injiniring kompaniyasining faoliyatini tashkil qilish boʻyicha, shu jumladan, ularni moliyalashtirish manbalarini nazarda tutgan holda;

Jamgʻarmaning faoliyatini tashkil qilish boʻyicha qaror qabul qilsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirini Jamgʻarma mablagʻlarini taqsimlovchi etib belgilashni nazarda tutsin.

19. Markaz, Institut va Injiniring kompaniyasini Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Oqdaryo koʻchasi, 122-uyda joylashgan Yashnobod kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji binolarida joylashtirsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

22. Vazirlik boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A. A. Abduvoxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A. V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 30 sentyabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?