Maktabgacha taʼlim sohasida xayriya faoliyati uchun soliq imtiyozlari joriy etildi

11:11 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
98 0

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktyabrdagi qarori bilan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga homiylik shaklida xayriya faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari belgilandi. Ushbu turdagi davlat - xususiy sheriklik shartnomasi kamida bir yil muddatga tuziladi va tanlangan MTTga muntazam ravishda xayriya yordamini koʻrsatishni koʻzda tutadi.

— Bugungi kunda maktabgacha taʼlim sohasi katta sarmoyalarni talab etadi, — dedi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin. — Vazirligimiz tomonidan byudjet mablagʻlari yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish, eski binolarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, bolalarni oʻyinchoqlar va oʻquv materiallari bilan taʼminlash singari eng dolzarb masalalarni hal etishga yoʻnaltirilmoqda. Biroq bugungi tezkor zamonda barcha masalalarni bu bilan hal etib boʻlmaydi, shu sababdan sohada yangi tamoyillar joriy etilmoqda. MTV xayriyachilar mablagʻlari hisobidan alohida ehtiyojga muhtoj bolalar uchun reabilitatsiya markazlari va aralash guruhlarga ega inklyuziv MTT singari ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshiryapti. Umid qilamizki, soliq imtiyozlarning taqdim etilishi Oʻzbekistonda xayriya faoliyatini yanada kengaytirish uchun katta ragʻbat boʻladi. Soliq imtiyozlaridan tashqari, xayriya tashkiloti xodimlariga farzandlarini oʻzlari homiylik qiladigan MTTga yoʻnaltirishda ustunlik taqdim etiladi. Yordam pullik boʻlishi shart emas: homiylik ostidagi maktabgacha tashkilotga mol-mulk berishingiz, uning uchun ishlarni bajarishingiz, xizmatlar koʻrsatishingiz mumkin. 

2019-yil 3-oktyabrdan boshlab davlat MTTga homiylik shaklida xayriya faoliyatini amalga oshiradigan xayriyachilar quyidagi soliq imtiyozlariga ega boʻladilar:

  • yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini hisoblashda xarajatlar chiqarib tashlanadi;
  • tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tekin berish QQS va YASTga tortilmaydi;
  • tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tannarxidan past narxda sotishda amaldagi sotish narxidan kelib chiqqan holda QQS hisobga olinadi.

Xayriyachi xayr-ehson qilish maqsadi va tartibini oʻzi belgilaydi. Homiylik ostidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti olingan mablagʻlarning hisobini yuritishi va xususiy sherikga pul va mulkdan maqsadli foydalanilishi toʻgʻrisida muntazam ravishda hisobot yuritishi shart.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?