Maktabdagi qurilish-ta’mirlash ishlari ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi

09:03 08 Avgust 2018 Jamiyat
385 0
Foto: uzedu.uz

Xalq ta’limi vazirligi ish faoliyatining asosiy tamoyillaridan biri shaffoflik ekanini inobatga olib, maktablar qurilishi jarayoniga shaffoflikni tatbiq etish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Maktablar qurilishi jarayoni, ya’ni pudratchini aniqlash, uni moliyalashtirish hamda qurilish ishlari sifatli yakunlanishini ta’minlash to‘liq mahalliy hokimiyatlar tomonidan amalga oshiriladi. Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishidan manfaatdor va shu sababli, mazkur yo‘nalishda doimiy monitoringni amalga oshiradi.

Joriy yil Investitsiya dasturiga ko‘ra mahalliy hokimliklar tomonidan 356 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari ular tomonidan “Obod qishloq” (“Obod mahalla”) Davlat dasturi doirasida 371 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Investitsiya dasturi va “Obod qishloq” (“Obod mahalla”) Davlat dasturi doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini onlayn monitoring qilish, jamoatchilik tomonidan nazoratni o‘rnatish, amalga oshirilayotgan ishlarning shaffofligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimi amaliyotga joriy etildi.

Ushbu tizimga stat.uzedu.uz sayti orqali kirish mumkin.

Birinchidan, mahalliy hokimlik rahbarlariga ushbu tizim u yoki bu viloyat va tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish imkonini berib, o‘ziga xos onlayn reytingni ko‘rsatib beradi. Shuningdek, har bir hududdagi vaziyatni tumanlar va maktablar kesimida o‘rganish imkoniyati yuzaga keladi. Viloyat va tumanlar qurilish-ta’mirlash ishlarining bajarilish salmog‘i bo‘yicha joylashtirilgan bo‘lib, yaxshilari eng yuqori qatordan o‘rin oladi.

Ikkinchidan, endilikda har bir inson amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda fikr mulohaza va takliflarini bildirishi mumkin. Ayniqsa, maktab foydalanishga topshirilishi arafasida, ya’ni ishlar 100% lik holatga yetkazilgan vaqtda, jamoatchilik nazorati juda muhim. Avvallari, maktabning qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq tugallanmagan bo‘lsada maktab direktorlarini qabul qilish bo‘yicha majburlab imzo qo‘ydirib olish holatlari kuzatilgan.

Mazkur tizim maktablardagi qurilish-ta’mirlash ishlari sifatini kuzatuv kengashlari, mahalliy hokimliklar hamda boshqa faol jamoatchilik vakillari tomonidan o‘rganishda qulay vosita bo‘lib xizmat qiladi. Kamchiliklar aniqlangan holatlarda, tizim orqali suratlar va izohlar qoldirish imkoniyati yaratildi. Natijada mahalliy hokimliklarda (buyurtmachilar)da pudratchiga taqdim etish uchun mavjud kamchiliklarning haqqoniy rasmlari va barcha kamchiliklar bartaraf etilmagunga qadar obyektlarni qabul qilmaslikka asos bo‘ladi, pudratchi yo‘l qo‘ygan xatolari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?