Maktabdagi oʻquvchi — qachon tajovuzkor jinoyatchiga aylanadi?

11:56 17 Iyun 2019 Jamiyat
216 0

Illyustrativ foto

Taʼlim muassasalarida oʻquv mashgʻulotlari oʻz nihoyasiga yetgan bir paytda oʻtgan oʻquv yili sarhisob qilinib, turli xil jinoyatchilik, zoʻravonlik holatlari tahlil etilmoqda.

Darhaqiqat, poyoniga yetgan oʻquv yili mobaynida oʻz joniga suiqasd qilgan oliy oʻquv yurti talabalari haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining axborot xizmati yetkazib turdi.

Bundan tashqari, umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar oʻrtasida pichoqbozlik, bezorilik, oʻgʻrilik, hatto tengdoshining joniga qasd qilishga urinishlar, ayrim oʻrta-maxsus bilim yurtlarida esa voyaga yetmagan qizlarning nomusiga tegish kabi jinoyatlar sodir etilgani haqida ommaviy axborot vositalari bong urdi.

Haqli savol tugʻiladi. Taʼlim muassasalarida bunday holatlar nega sodir boʻlmoqda? Buning ildizi qayerda? Muammoning yechimi nimada?

Ushbu savollarga javob izlar ekanmiz, joriy yilda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oʻtkazgan bir tadqiqot eʼtiborimizni tortdi.

Unda ishtirok etganlar (1619 nafar) orasida 12-17 yosh oraligʻidagi, maktab, Voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi organlar roʻyxatida turuvchi, nosogʻlom oilaviy muhitda voyaga yetayotgan oʻquvchilar va ularning ota-onalari ekanligi qiziqishimizni yanada oshirdi.

Psixolog, pedagog, huquqshunos va boshqa soha vakillaridan iborat guruh aniqlashdiki, avvalo, maktab oʻqituvchilarining oʻzi oilaviy zoʻravonlik va bunday oilada kamol topayotgan bolaga qanday munosabatda boʻlish haqida yetarlicha bilimga ega emas. soʻrovnomada qatnashganlardan atigi 4,4 foiz ota-ona hamda 11,4 foiz ustoz-murabbiylar bunday bolalar turli xil jinoyatlar sodir etishi, ruhiy muvozanatdan chiqishiga avvalo oilaboshi va oʻqituvchilar aybdor ekanini tan olishdi.

Quloqsiz bolalarni tarbiyalashda kuch ishlatish kerakmi? Aksar ota-onalar va hatto maktab xodimlari ham jismoniy jazo turini qoʻllashni hamon maʼqul koʻrishadi. Ularning nazdida bu toʻgʻri tarbiya usullaridan biri sanaladi. Ammo yana bir haqiqat borki, boshqalardan zulm koʻrgan shaxs, u xoh katta, xoh kichik yoshda boʻlsin, bu zulmni oʻzida toʻplab, oxir-oqibat uni jamiyatga, oʻz tengqurlariga yoxud oʻzidan zaifroq odamlarga yoʻnaltirishi hech gap emas. Bir qator ruhshunoslarning fikricha, taʼlim muassasalarida roʻy beradigan noxush holatlar: pichoqbozlik, ur-kaltaklar zamirida aslida murgʻak qalbda yillar davomida toʻplangan xoʻrlik va zulm yotadi.

Qiziq, maktablarda portlashga yetilib kelayotgan qalb — tajovuzkor bolani payqash va uning boʻlajak salbiy xatti-harakatlarining oldini olish tizimi mavjudmi? Nazariy jihatdan — ha, biroq amaliy jihatdan — yoʻq! Nega? Soʻrovda oʻqituvchilar roʻy-rost aytganidek, “bunday bolalar bilan tarbiyaviy ishlarni olib borish shaxsiy vaqt hisobiga toʻgʻri keladi”, “qogʻozbozlik ishlarini birlamchi oʻringa qoʻyuvchi rahbariyat talablarini bajarishni deb eʼtibortalab oʻquvchilar eʼtiborsiz qolib ketadi”, “psixologlar taʼlim dargohidagi hamma oʻquvchilarni qamrab ololmaydi, zotan, psixologga ajratilgan shtat va kadrlar yetishmaydi”, “maktab psixologlariga yetarlicha vakolatlar berilmagan, ular ogʻzaki pand-nasihat bilangina cheklanishga majbur”... Mana iqrorlar, mana izohlar. Ularni rad etishning-da, hamfikr boʻlishning-da iloji yoʻq. Bu yoqda esa bilimga chanqoq oddiy oʻquvchidan psixo-fiziologik jihatdan ziddiyatlar-u qarama-qarshiliklarga yuz tutayotgan inson taqdiri yotibdi. Xulosa oʻzingizdan!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?