Maktabda koronavirus yuqmaydi deb ham hech kim kafolat berolmaydi - Sherzod Shermatov

10:41 09 Sentyabr 2020 Jamiyat
478 0

Maktablar ochilishi boʻyicha qarorni faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari maktablarning haqiqiy tayyorligi, hududdagi sanitariya-epidemiologik holat va sogʻliqni saqlash tizimi imkoniyatidan kelib chiqib qabul qiladi, deya maʼlum qildi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

"Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yillarda olib borilayotgan asosiy islohotlardan biri bu bosqichma-bosqich Mahalliy Kengashlar vakolatini oshirib borishdir. Ular hozirgi kunda mahalliy byudjetni ham qaysi yoʻnalishda ishlatishni belgilab beradilar (avvallari deyarli mahalliy byudjetda mablagʻ boʻlmagan edi).

Mahalliy deputatlar maktab ochishdan avval uni pirometr, dozator (yoki pulverizator), antiseptik va dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlash uchun mablagʻlar ajratilgani, maktablarga yetarli vositalar yetkazib berilganiga ishonch hosil qilganidan soʻnggina Kengashda ushbu maktab faoliyatini boshlash boʻyicha qaror qabul qilishi mumkin.

Maktab sanitariya talablariga javob bermasa yoki oʻsha hududda sanitariya-epidemiologik holat yaxshi boʻlmasa yoki sogʻliqni saqlash tizimi kasallanganlar soni ortishiga bardosh bera olmasligini bilishsa, Mahalliy Kengash aynan oʻsha maktabni ochmaslik boʻyicha ham qaror qabul qilishi mumkin. Unday holatda oʻquvchilar yaqinroqda boshqa ochilgan maktab binosida yoki 14-sentyabrda yangi oʻquv yili darslari boshlanganida teledarslar orqali masofaviy taʼlim olishlari mumkin boʻladi.

Albatta, mahalliy byudjetda mablagʻlar yetarli boʻlmagan sharoitda, qaysidir boshqa harajatlarni qisqartirib, uni bu yoʻnalishlarga sarflash boʻyicha qaror qabul qilish vakolati ham aynan Mahalliy Kengashlarda. Masalan, tuman markazini obodonlashtirish uchun mablagʻ ajratish muhimmi yoki maktablarga antiseptik vositalarni sotib olib berishmi degan savolga Mahalliy Kengash deputatlari javob topishlariga toʻgʻri keladi. Mabodo qaysidir joylarda mablagʻ ajratilmasdan, majburiyatni maktab jamoasiga yuklab qoʻyilish holatlari boʻlsa, unday holatlarni Mahalliy Kengash deputatlarimiz tomonidan tanqidiy oʻrganib chiqilishi maqsadga muvofiq.

Aynan har bir maktab holati, joydagi epidemiologik vaziyat va sogʻliqni saqlash tizimi imkoniyatlarini oʻrganib chiqib, faqatgina Mahalliy Kengashlar haqiqiy holatdan kelib chiqibgina qaror qabul qilishi zarurligi Prezidentimiz tomonidan alohida taʼkidlab oʻtilgan edi.

Markazdan turib, hamma maktablar falon kuni ochiladi deb hech kim aytmaydi!

Ikkinchi tomondan, barcha sanitariya talablariga rioya etilgan taqdirda ham maktabda koronavirus yuqmaydi deb ham hech kim kafolat berolmaydi. Bunga Germaniya, Koreya kabi davlatlarda anchagina maktablar virus tarqalgani sababli qaytadan yopilganini misol qilib keltirsa boʻladi. Ularda nafaqat moddiy imkoniyatlari yuqori, balki jamoat joylarida aholini oʻzini tartibli tutishi biznikilardan koʻra ancha yaxshi ekanligini ham tan olish kerak (misol sifatida ulardagi va bizdagi odamlarni navbatda qanday turish madaniyatini kuzatishingiz mumkin).

Shuningdek, farzandini anʼanaviy koʻrinishdagi maktabga yuborish yoki uyda teledarslar orqali oʻqitish haqidagi qarorni faqatgina ota-onalar oʻzlari qabul qilishlari muhimligi ham bir necha bor taʼkidlab oʻtildi. Bu masalada hech kimni majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi", deydi vazir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?