Maktab reytinglari natijalariga notoʻgʻri talqin yuzasidan Taʼlim inspeksiyasi raddiya berdi

11:38 25 Sentyabr 2019 Jamiyat
419 0

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Joriy yilda ilk marotaba respublikamizdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari reytingi eʼlon qilindi.

Reyting natijalari ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilib ota-onalar, soha mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

Reytingni aniqlash uchun xalq taʼlimi tizimida faoliyat olib borayotgan tajribali mutaxassislar va xalqaro ekspertlar jalb qilinib, 4 ta ustuvor indikator belgilab olindi.

Shu asosda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi oʻrtasida qoʻshma qaror imzolandi. Mazkur milliy reyting farzandlarimizga berilayotgan bilimni shaffof baholash, hududlar kesimida taʼlim muassasalarni muammolarni aniqlash va yechish hamda Oʻzbekiston maktablarining kelgusida ishtirok etishi rejalashtirilgan xalqaro reytinglarga munosib tayyorlab borish maqsadida oʻtkazildi.

Mamlakatimiz 2021-yilda ilk marotaba PISA (15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha xalqaro dastur) va PIRLS (boshlangʻich sinf oʻquvchilarining matnni oʻqish darajasi va sifatini baholash) xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi.

Ushbu xalqaro tadqiqotlarda 90 ga yaqin davlatlar qatnashadi. Mazkur reyting natijalaridan kelib chiqib yurtimizning kelgusi rivojlanishiga baho beriladi, uzoq muddatga xorijiy investitsiya kiritadigan yirik korxonalar tomonidan ushbu reyting natijalari inobatga olinishidan ham ushbu jarayon rivojlanib borayotgan mamlakatimiz uchun qay darajada muhim ekanligini his qilish mumkin.

Jarayonga tayyorgarlik koʻrish, respublikamiz maktablaridagi holatni oʻrganish, qaysi hududda taʼlim tizimi yaxshi rivojlangan, qaysi birida muammolar mavjud, ertaga yoshlarimizni sifatli bilimga ega boʻlishi hamda ushbu olgan bilimini hayotga tatbiq qila olishlarini oʻrganish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tavsiyasiga koʻra 956 (umumiy maktablarning 10%i) maktablar oʻrtasida reyting oʻtkazildi.

Shu kunga qadar olingan natijalar mutaxassis va olimlar tomonidan tahlil qilinib, maktablarda yoshlarimizni bilimini talab darajasiga koʻtarish uchun nima qilish kerak, nimani ustida ishlashimiz kerak degan savolga javob izlanmoqda.

Yana bir muhim jihat, reyting natijalari eʼlon qilingandan soʻng natijalar nisbatan past maktablarga mahalliy hokimliklar tomonidan eʼtibor qaratildi.

Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va hududda taʼlim sifatini oshirishga boʻyicha tezkor choralari koʻrilish boshlandi. Quvonarlisi, past natija koʻrsatgan muassasalar tomonidan oqsayotgan koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha ishlay boshlashdi. Bu yilgi reytingda ishtirok etmagan muassasalar ham kelgusida yaxshi natija koʻrsatish uchun taʼlim sifatiga alohida eʼtibor qarata boshlashdi.

Joriy yilning 23-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq taʼlimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzni oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishda mamlakatimiz 2030-yilga borib oʻquvchilar bilimi baholash boʻyicha PISA xalqaro dasturi reytingida jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilish qoʻyilgani alohida taʼkidlandi.

Shu oʻrinda oʻtgan yil Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Taʼlim inspeksiyasi qoshida Taʼlim sifatini baholashda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish milliy markazini tashkil etilganligini aytib oʻtish maqsadga muvofiq.

Bugungi kunda tajribali olim va mutaxassislar tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS xalqaro tadqiqotlarga katta tayyorgarlikni boshlandi. Respublikamizning barcha hududlarida seminarlar tashkil etildi, xalqaro tajribaga suyangan holda amaliy koʻnikma va mantiqiy fikrlashni rivojlantirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq ayrim holatlarda mazkur maktablar reyting tadqiqotlarini turli xil va umuman notoʻgʻri talqin qilish holatlari uchramoqda. Xususan, 2019-yil 20-sentyabr kuni “Oʻzbekiston” telekanalining “Munosabat” koʻrsatuvi orqali Maktablarda oʻtkazilgan reyting masalalari muhokamasiga bagʻishlangan koʻrsatuv boʻlib oʻtdi. Koʻrsatuvda soha boʻyicha tegishli tashkilotlardan mutasaddilar ishtirok etishdi. Ammo koʻrsatuv davomida ayrim tashkilot vakillari tomonidan fikrlarning subyektiv ifodalanishiga guvoh boʻldik. Xususan, Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari tomonidan Prezident farmoni ijrosi yuzasidan joriy yilda tashkil etilgan maktab reytinglarining “kamchiliklari koʻp va natijadorligi yaxshi emas”, deyildi.

Vaholanki, maktablar reytingini tuzish bilan bogʻliq barcha jarayonlar boshidan-oxirigacha Taʼlim inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda tashkil qilingan.

Vazirlik mutasaddisi oʻzining bu fikri bilan Prezident topshirigʻi boʻyicha bajarilgan ishga oʻzining mutlaqo eʼtiborsizligini koʻrsatdi. Eng muhimi, bugungi kunda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi taʼlim sifatini oshirishda va 2021-yilda boʻlib oʻtadigan PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishda Xalq taʼlimi vazirligiga koʻmaklashib, doimo hamkorlikda ishlashni maqsad qilgan.

Vazirlik vakilining yuqoridagi gaplarining davomi sifatida koʻrsatuvdagi boshqa ishtirokchilar tomonidan “maktablarda sifat yoʻq, sifat yoʻq boʻlsa, reyting kimga kerak“, degan fikrlar ham bildirildi.

Shu oʻrinda koʻrsatuvlarga taklif etilayotgan mutasaddilarning fikrlari doimo ham toʻgʻri emasligini, ular fikr berayotganlarida Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini toʻliq anglab yetishlari maqsadga muvofiq.

Modomiki, koʻrsatuvda aytilganidek, maktablarda sifat yoʻq boʻlsa, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hech qanday natijaga ega emas, degan xulosa paydo boʻlishi kerak yoki vazirlik mutasaddisi tomonidan maktab reytinglarini “kamchiligi koʻp va natijadorligi yaxshi emas”, deya notoʻgʻri talqin qilinganligi ham, ushbu reytingni amalga oshiruvchi hamkor tashkilot rahbariyati sifatida uning oʻz tizimida qilayotgan ishlarini muvaffaqiyatsiz amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi.

Bevosita oynai jahon orqali koʻplab insonlar tomosha qilgan ushbu koʻrsatuvda bildirilgan ayrim fikrlar keng jamoatchilik oʻrtasida notoʻgʻri qarashlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Bugungi kunda strategik maqsadlarga erishish, yangi marralarni zabt etish, rivojlangan davlatlar qatoridan oʻrin olish uchun mamlakatda bilimli, tajribali va zamonaviy fikrlaydigan yuksak saviyali kadrlar, mutaxassislarning oʻrni beqiyos. 

Bu ehtiyoj osonlik bilan oʻz-oʻzidan qondirilmaydi. Buning zamirida inson kapitali, uning salohiyatini kashf etish va uni maʼlum maqsadlarga erishish yoʻlida safarbar qilish kabi ulugʻvor vazifalar turadi. Mazkur holatlarni chuqur anglash va shu asosda ish faoliyatini tashkil etish davlat tashkilotida ishlayotgan har bir fuqaroning masʼuliyatli vazifasidir.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mazkur masala yuzasidan aniqlik kiritadi:

Maktab reytingi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida aniqlandi.

Yurtimizda maktablar soni 10 mingtaga yaqinligi sababli, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan 956 (umumiy maktablarning 10%i) maktablarida 2019-yil 8-19-aprel kunlari nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazildi.

Nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnomalarni toʻliq shaffof va sifatli oʻtishini taʼminlash uchun jami 57 ta ishchi guruh tuzilib, uning tarkibida 200 nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat olib bordi.

Reyting natijalari reyting.tdi.uz saytida muassasalar kesimida har bir indikator boʻyicha aniq ballar bilan eʼlon qilindi. Bunda hududlar kesimida ham qaysi maktablar nechanchi oʻrinda ekanligini koʻrish mumkin. Albatta maktablarni baholash uchun koʻplab sifat indikatorlarni ishlatish mumkin.

Ammo ularni shaffofligi va aniqligiga borib oʻrganilgandan keyin kafolat berish mumkin. Toshkent shahri boʻyicha ham 10% maktablar tanlangan boʻlib, Prezident maktabiga tanlovda eng koʻp oʻquvchi qabul qilingan Sergeli tumanidagi 300-sonli umumtaʼlim maktabi reytingda Toshkent shahri boʻyicha 3-oʻrinni egallagan.

Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sogʻlom raqobat muhitni shakllantirish, maktablarda taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?