Maktab qurilishlari nega paysalga solinmoqda, muammo Moliya vazirligidami yoki Xalq taʼlimida?

10:18 26 Avgust 2020 Siyosat
223 0

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yigʻilishida 2020-yil 1-yarim yil yakunlari boʻyicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti muhokama qilindi.

Yigʻilishni fraksiya rahbari Alisher Qodirov boshqardi va bugun muhokama qilinadigan masalalar juda dolzarbligini taʼkidladi.

Maʼlumki, pandemiya dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Bu oʻz navbatida Oʻzbekistonga ham salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmadi. Lekin pandemiya taʼsirini yumshatish, tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy imtiyozlar berish, kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash borasida oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar sabab, mamlakatimiz iqtisodiyotida prognoz qilingan natijalarga erishilmagan boʻlsada, ijobiy koʻrsatkichlar qayd etildi.

2020-yil 1-yarim yillik yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi joriy narxlarda 255,3 trln. soʻmni tashkil etgan holda, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 foizga oʻsish kuzatildi. Karantin choralari taʼsiri 2020-yil yanvar-iyun holatiga aholi umumiy daromadlarida ham oʻz aksini topdi. Natijada aholi umumiy daromadlari 176,0 trln. soʻmni tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan real oʻsish 101,5 foizni tashkil etdi. Aholi daromadlari tarkibida deyarli oʻzgarish boʻlmadi.

Yigʻilishida deputatlar partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy sohalar, jumladan, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim tizimi faoliyati bilan bogʻliq masalalarga asosiy eʼtiborni qaratdi.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 34 665,5 mlrd. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlari esa 16 401,0 mlrd. soʻmni tashkil qildi.

Deputatlar xalq taʼlimi vazirligi boʻyicha 1919 ta umumtaʼlim maktablarida qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun 1 132,8 mlrd. soʻm ajratilgani, shundan 459,9 mlrd. soʻm oʻzlashtirilgani, bu yillik koʻrsatkichning 41 foizini tashkil qilganiga toʻxtalib, moliya vazirligidan bunga izoh soʻradilar.

Yigʻilishda onlayn ishtirok etgan Moliya vaziri oʻrinbosari Jamshid Abruyev ajratilgan mablagʻni oʻzlashtirishda vazirlikda muammo boʻlmaganini qayd etdi.

Xalq taʼlimi vazirligi moliya boshqarmasi vakili deputatlarga bu haqda tushuntirish berar ekan, tender masalasida, yaʼni pudratchi tashkilotlarni tanlashda qiyinchiliklar yuzaga kelgani, shu bois, ajratilgan mablagʻ toʻla oʻzlashtirilmaganini qayd etdi. Deputatlar mutasaddi rahbarning izohidan qoniqmadilar.

— Maʼlumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim vazirligini rivojlantirishni ustuvor vazifa deb bildi, — dedi fraksiya rahbari A.Qodirov. — Mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz oʻz okrugidagi taʼlim muassasalarini muntazam oʻrganib keladi. Ular bergan maʼlumotlarga qaraganda, hududlarda qurilishi boshlangan maktablarning deyarli 90 foizida ish toʻxtagan. Uchta maktab oʻquvchilarini bitta maktabda oʻqitilgan holatlar bor. Shuningdek, bu oʻquvchilar xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarni ham keltirib chiqaryapti. Bolalarning katta yoʻldan oʻtishda fojia bilan yakun topgan holatlar ham bor. Vaholanki, maktab qurilishini olti oyda bemalol tugatish mumkin. Demak, bu xalq taʼlimi tizimida ishlar yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganidan darak beradi, — dedi fraksiya rahbari.

Yigʻilishda deputatlar energetika, pensiya taʼminoti, talaba yoshlarga kredit ajratish bilan bogʻliq masalalarga ham eʼtibor qaratib, bu borada ham belgilangan vazifalar toʻla bajarilmagani, ajratilgan mablagʻlar oxirigacha oʻzlashtirilmaganini tanqid qildilar.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda deputatlar joylardagi oʻrganishlar natijalariga asoslangan holda hududlarning resurs salohiyatini toʻliq amalga oshirish, byudjet mablagʻlaridan yana-da samarali foydalanishni taʼminlash, mahalliy byudjetlar daromadini oshirish borasida hududlarda mavjud imkoniyat va resurslarni toʻla ishlatishga eʼtiborni yana-da kuchaytirish lozimligiga eʼtibor qaratdilar.

Fraksiya yigʻilishida kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?