Maktab binosi qurilishi chala-yarim holda tashlab ketilgani boʻyicha fuqarolar shikoyatiga Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi qanday javob berdi?

16:17 16 Avgust 2019 Jamiyat
109 0

Avvalo fuqarolarning shikoyati bilan tanishtirsak.

“OAVdagi murojaat matni quyidagicha: “Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Xalqobod qishlogʻidan yozmoqdamiz. 2018-yilda 28-oʻrta taʼlim maktabining filiali qurila boshladi. Ammo qurilish ishlari chala holda qolib ketdi. Bu haqda prezident portaliga qadar yozdik. Quyuq vaʼdalar berib ketishgandi, mana, 2019 oʻquv yili boshlanishiga ikki hafta qolyapti, ammo mutasaddilarning parvoyi palak. Davlat ajratgan mablagʻ talon-toroj qilindimi?”

Toshkent viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqdagi @sizdantelegram botiga yuborilgan “Maktab binosi qurilishi chala-yarim holda tashlab ketildi” nomli tanqidiy murojaatga javoban quyidagilarni maʼlum qiladi:

Yangiyoʻl tumani Xalqobod MFY hududida 3 qavatdan iborat 840 oʻrinli qurilishi tugallanmay qolgan maktab binosi oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-dekabrdagi PQ-2697-sonli qaroriga asosan “Investitsiya dasturi” doirasida 360 oʻrinli oʻquv bino, sport zal va faollar zali qurish belgilangan. 2017-yilning mart oyida ushbu dastur doirasidagi barcha obyektlar qayta oʻrganilib, 2017-yil 7-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2873-sonli qarori bilan imzolangan “Investitsiya dasturi” doirasida Xalqabod MFY hududida 2 qavatli 360 oʻrinli maktab binosi qurilishi uchun 1,9 mlrd soʻm ajratilgan. “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “SURITO” MCHJ oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida qurilish ishlari 2017-yil 10-iyulda boshlanib, 2018-yil 31-mart sanasida tugatilishi belgilangan. Biroq...

Biroq birmuncha kamchiliklari borligiga qaramay, ularni bartaraf etish sharti bilan Yangiyoʻl tumani hokimi A.Toʻxtabayevning 2018-yil 30-iyundagi 634-sonli qaroriga asosan Xalqabod MFY hududidagi 28-oʻrta maktab foydalanishga qabul qilingan. Pudratchi tashkilot aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatda bajarilmaganligi sababli Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Toshkent viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi texnik nazoratchisi va “SURITO” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

2019-yil 24-aprel kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumani sudining qaroriga asosan 28-oʻrta maktabning qurilish-taʼmirlash ishlarida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarima jazosi qoʻllanilib, hozirgi kunda yangi oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha aniqlangan kamchiliklar (birinchi va ikkinchi qavatlarning pol qismi, bino fasadi va boshqa) yuzasidan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Oʻquv binosi yangi oʻquv yili boshlangunga qadar foydalanishga topshirilishi nazarda tutilgan”.

Toshkent viloyati

Xalq taʼlimi boshqarmasi

matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?