Makgregor: Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani mamlakatning muvaffaqiyatli tashqi siyosatini namoyish etuvchi voqeadir

17:34 16 Oktyabr 2020 Siyosat
206 0

YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor mamlakatimizning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylanishini tarixiy voqea sifatida baholadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

— Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani juda muhim tarixiy voqea boʻldi. Chunki respublika oʻz tarixida birinchi marta 47 ta davlatni oʻz ichiga olgan eng yirik nufuzli xalqaro tashkilotga aʼzo boʻldi, — dedi YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari rahbari. — Oʻzbekiston 2,5 oydan soʻng Kengashda uch yil muddatga belgilangan faoliyatini boshlaydi.

BMT Bosh Assambleyasining Kengashni tashkil etish toʻgʻrisidagi 60/251 sonli qaroriga muvofiq, Kengash aʼzolari inson huquqlarini himoya qilishda eng yuqori standartlarga rioya qiladi.

Kengashga aʼzolikning yuqori talablari Oʻzbekiston zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi, lekin respublika ularning barchasini sharaf bilan bajaradi. Buning uchun juda koʻp ishlash, hamkorlikni mustahkamlash kerak boʻladi.

YEXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha eng yuqori standartlarni oʻz ichiga olgan YEXHT majburiyatlarini bajarish boʻyicha saʼy-harakatlarini muntazam qoʻllab-quvvatlaydi.

Ushbu voqelik Oʻzbekistonning muvaffaqiyatli tashqi siyosatini namoyish etmoqda. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning soʻnggi toʻrt yil ichida erishgan yutuqlaridan dalolat bermoqda. 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari YEXHT majburiyatlari bilan chambarchas bogʻliqdir.

Men Oʻzbekiston Respublikasini BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan chin qalbimdan qutlayman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?