May oyida O‘zbekistonda qanday mahsulotlar qimmatlashdi?

11:25 01 Iyun 2018 Iqtisodiyot
563 0

2018 yilning may oyida iste’mol bozoridagi tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,8 %ga ko‘tarildi. Shundan, mahsulotlar narxi oy davomida o‘rtacha 0,4 %ga hamda xizmatlar 2,1 %ga qimmatlashdi. Bu haqda “Xalq so‘zi”ga Davlat statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi ma’lum qildi.

Qad yilinishicha, joriy yilning may oyi davomida xizmatlar tarifi narxlarining o‘sish tendensiyasi aprel oyidagi kabi tovarlar narxlarining o‘sishi sur’atidan yuqoriligini saqlab qoldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida o‘rtacha 0,2 %ga qimmatlashib, bu esa iste’mol narxlari indeksining (keyingi o‘rinlarda INI) ning umumiy o‘sishiga 0,1 f.d.da ta’sir ko‘rsatdi.

Foto: Narxlar statistikasi boshqarmasi

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ichida narxlarning o‘sishi hamda pasayishi bo‘yicha yetakchilik mos ravishda mevalar (o‘sish sur’ati 4,8 %) hamda sabzavotlar (pasayishi 13,6 %) guruhiga tegishlidir. Bu oyda oziq-ovqat mahsulotlari ichida eng yuqori ko‘tarilish sabzida kuzatildi. Oy davomida sabzi narixi 9,9 foizga qimmatladi. Shuningdek olma 6,3, sitrus mevalar 5,3, quruq mevalar 2,1 foizga qimmatlashgan. Bundan tashqari boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ichida guruch narxi 4,2 foizga qimmatlagan bo‘lsa, go‘sht mahsulotlaridan baliq 3,9, mol go‘shti 3,4, go‘sht qiymasi 2,7, qo‘y go‘shti 2,5, kolbasa mahsulotlari 1,3 foizga narxi oshgan. Shuningdek muzqaymoq (1,2 foiz) va suzma (0,4 foiz) kabi sut mahsulotlari ham qimmatlagan.

May oyida eng narxi tushgan mahsulot sifatida bodringni ko‘rsatish mumkin (27,1 foiz). Shuningdek pomidor 21,7, piyoz 9,7, kartoshka 5,7, sarimsoq piyoz 4,5, banan 1,7 foizga arzonlashgan. Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ichida grechka 2,9, un 0,6, mosh 0,4 foizga, go‘sht mahsulotlaridan tovuq boldiri va son qismi 2,1, parranda go‘shti 1,9 foizga narxi pasayganini ko‘rishimiz mumkin.-

Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan alkogolsiz ichimliklar (0,9 %) va tuxum (0,4 %) narxlari birmuncha sezilarli darajada qimmatlashdi. Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlarida jiddiy o‘zgarishlar deyarli kuzatilmadi.

Joriy yilning may oyida nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining o‘sish darajasi birmuncha barqaror sur’atlarda saqlanib qoldi. Oy davomida narxlar o‘rtacha 0,6 %ga qimmatlashib, bu esa INIning umumiy o‘sishiga 0,2 f.d.da ta’sir ko‘rsatdi. Bu oyda eng katta o‘sish tamaki mahsulotlarida kuzatilgan — 5,9 foiz. Bunga “UzBAT A.O.” QK AJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlari narxining oshirishi natijasida iste’mol bozorlarida sotilayotgan tamaki mahsulotlarining umumiy narxlari qimmatlashishiga sabab bo‘lgani aytiladi.

2018 yilning may oyida ham qurilish materiallari narxlari o‘sishdan to‘xtamadi. Jumladan eng katta o‘sish g‘isht (4,2 foiz), sement (2,1 foiz) va yog‘och mahsulotlarida (1,2 foiz) kuzatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?