Mahkumlarga ham pensiya tayinlanadi

10:17 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
120 0

Illyustrativ foto

2019-yilning 28-avgustida Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga 53-1 (prim) moddasi qoʻshildi.

Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya toʻlash koʻrsatib oʻtilgan. Endilikda manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya toʻlash manzil-koloniya joylashgan hududdagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan tegishli pensiyalar summalarini mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali amalga oshirilishi belgilandi. Yaʼni, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar muassasa joylashgan joyda pensiya tayinlash borasida ariza berishlari mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Pastdargʻom tumanidagi 37-manzil-koloniyada mazkur qonunning mazmun-mohiyatini targʻib etish yuzasidan mahbuslar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Tadbirda qonunda belgilangan masalalar yuzasidan ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berildi, mahbuslar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xuddi shunday tadbir Samarqand shahridagi Farhod qoʻrgʻonida joylashgan 10-manzil-koloniyasida ham tashkil etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?