Mahfuza Yoʻldosheva sayyor qabulga nima uchun kelgan edi?

16:46 25 Mart 2019 Jamiyat
361 0

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Rahim Sherqulov/Toshkent. Sayyor qabulda odam koʻp. Kimdir Bosh prokuror, yana boshqasi adliya, ichki ishlar vazirlariga, yana birov Oliy sud, Davlat soliq qoʻmitasi raislari bilan uchrashib, muammolarini aytishga shaylangan.

Eshik oldida Bosh prokuror qabuliga kirish uchun navbatda turgan Mahfuza Yoʻldoshbekovani suhbatga tortamiz.

— Assalomu alaykum, yaxshimisiz? Bosh prokuror qabul qiladigan xona oldida turganingizga qaraganda, Otabek Murodovga murojaat qilmoqchisiz, shundaymi?

— Vaalaykum assalom. Ha, shunday. Bosh prokuror bilan uchrashish uchun oilamiz bilan birga keldik.

— Nima masalada kelgan edingiz, qanday muammo qiynayotgandi sizni?

— Hech qanday muammomiz yoʻq. Chunki masalamiz ijobiy hal etildi. Shuning uchun bugun Bosh prokurorga minnatdorlik bildirish uchun keldik.

Bundan bildikki, barcha oʻz muammosi bilan keldi, deb aytolmaymiz. Masalasi hal boʻlib, minnatdorlik aytish uchun kelayotganlar ham topiladi. Yakkasaroy tumanilik Mahfuza Yoʻldoshbekova ham muammosi hal boʻlgan fuqarolardan biri.

— Ikki nafar qizim bor, — deydi u. — Biri tugʻma nogiron. Hovlimiz juda taʼmirtalab boʻlib, uni oʻzimiz taʼmirlashga imkoniyatimiz yoʻq edi. Yakkasaroy tumani prokuraturasi xodimlari shu masalada yordam berishdi. Hovlimizni taʼmirlab, qoʻshimcha hammom, oshxona qurdirib berdi. Eng muhimi, nogiron qizim uchun hammom qurib berilganidan boshimiz osmonga yetdi. Uyimizning tom qismidan chakka oʻtardi, bu muammo ham hal boʻlib, tom yopib berildi. Shuncha yordam koʻrsatganidan Bosh prokurorga alohida rahmat aytishga keldik.

Sayyor qabul davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?