Mahalliy yoʻnalishlarda muntazam avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyildi

14:37 01 May 2019 Jamiyat
676 0

Bugundan eʼtiboran “Uzavtotrans Service” MCHJ korxonasi mahalliy 8 ta yoʻnalishda muntazam avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻydi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bular “Toshkent – Guliston – Yangiyer”, “Toshkent – Samarqand”, “Toshkent - Navoiy – Buxoro”, “Toshkent – Termiz”, “Toshkent – Zomin”, “Toshkent – Gagarin”, “Toshkent – Denov”, “Toshkent – Qorakoʻl”. Qatnovlar har kuni “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshiriladi. Yoʻnalishlarga zamonaviy “YUTONG” avtobuslari qoʻyilgan boʻlib, yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar mujassam. Konditsioner, iqlim nazorati, multimedia tizimi shular jumlasidan. Korxona tomonidan xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, yoʻnalishga chiqayotgan har bir avtobus texnik koʻrikdan, haydovchilar esa tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, avtobuslarning sanitar holati muntazam nazorat ostida. Qatnov jarayoni esa GPS tizimi orqali onlayn nazorat etib boriladi.

2 may kunidan eʼtiboran esa “Uzavtotrans Service” MCHJ korxonasi “Toshkent – Turkiston”, “Toshkent- Olmaota”, “Toshkent- Ushkunur”, “Chirchiq- Ushkunur” yoʻnalishlarida xalqaro qatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi.

“Uzavtotrans Service” MCHJ korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 3584-sonli qarori hamda 2018 yil 5 martdagi “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 3589-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan. Hozirda korxona parkiga Xitoyda ishlab chiqarilgan 100 dona yumshoq oʻrinli “YUTONG” avtobuslari sotib olindi.

Ushbu avtobuslarda barcha zamonaviy qulayliklar mavjud boʻlib, ulardan foydalanishda mamlakatimizning ichki, tashqi turizmni rivojlantirish hamda xorijiy davlatlarga ishlash uchun boruvchi yurtdoshlarimiz va yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarga qulaylik yaratish va ularni oʻz manzillariga xavfsiz yetkazib qoʻyishni taʼminlash maqsad qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?