Mahalliy hokimliklar va boshqa davlat tuzilmalari tomonidan raqobatga oid qonunchilikni buzish hamon davom etmoqda

11:31 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
40 0

Mahalliy hokimliklar va boshqa davlat tuzilmalari tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunni buzish holatlari hamon uchramoqda, deb xabar berdi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot hizmati. Kimdir xatolardan saboq oladi, kimdir esa eski yuldan yuraveradi.

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan hujjatlarida koʻp hollarda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga cheklovchi hamda tovar moliya bozorlarida sogʻlom raqobat muhitini yaratishga toʻsqinlik qiluvchi omillar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Bunday holatlar mamlakatning barcha hududlarida turli, xususan, qurilish sohasida kuzatilmoqda.

Xususan, byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriluvchi dasturlarga muvofiq davlat obyektlarini qurish va qayta taʼmirlash uchun pudrat tashkilotlarini aniqlashda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aynan biror pudrat tashkilotini tavsiya qilish va ularga kafolatlar berish mazmunidagi xatlar yuborish holatlari koʻp uchramoqda.

Oʻz navbatida, ushbu harakat Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi, yaʼni davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat koʻrsatayotgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishini taqiqlovchi talabni buzilishiga olib kelmoqda.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hokimligi tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida tegishli organlarga pudratchi tashkilotlarni aniq koʻrsatgan holda 19 ta tavsiyaviy xat yuborilgan.

Bunday holat Qashqadaryo viloyatining Mirishkor va Nishon tumanlarida ham aniqlangan.

Samarqand viloyatining 4 ta tumanida oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga koʻra, 29 ta shunga oʻxshash qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Jumladan, hokimliklar tomonidan Bulungʻur tumanida 5 ta, Samarqand tumanida 10 ta, Toyloq tumanida 12 ta, Urgut tumanida 2 ta qurilish va pudrat ishlarini amalga oshirishda muayyan xoʻjalik subyektlari uchun tavsiya va kafolat xarakteriga ega boʻlgan xatlar yuborilgan.

Jizzax viloyati hokimligi tomonidan qabul qilingan qarorlarni oʻrganish natijalari, bu yerda ham vaziyat yaxshi emasligini koʻrsatmoqda.

Faqat 2018-yilning oʻzida viloyat hokimligi tomonidan 29 ta raqobatni cheklashga olib keluvchi qaror qabul qilingan, shuningdek, joriy yilning oʻtgan davrida qabul qilingan viloyat hokimligi qarorlarida 14 ta shunday holatlar aniqlandi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 3-iyuldagi “Kapital qurilishda tanlov savdolari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 302-son qarori talablariga muvofiq, markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan kapital qurilish bilan bogʻliq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridi faqat tanlov savdolari natijalari boʻyicha amalga oshiriladi.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari boʻyicha joriy yilning 1-avgust holatiga Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilish toʻgʻrisida 54 ta ish qoʻzgʻatilib, mazkur qonun buzilishlarini bartaraf qilish boʻyicha 50 ta koʻrsatma berildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi oʻtkazilgan Qonun hujjatlarining raqobatga taʼsirini baholash metodikasi asosida davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarni oʻrganishda davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?