Mahalliy ekspertlar: Atom elektr stansiyasining qurilishi Oʻzbekistonga qanchalik foyda keltiradi?

02:24 19 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
487 0

Oʻzbekistonda quriladigan AES maketi. Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi“.

Yaqin kelajakda Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) quriladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Savollar oʻrtaga tashlanyapti. Xoʻsh, AES qurilishi biz uchun nega kerak va uning ahamiyati nimada? Bu atrof-muhit hamda aholi yashash tarzi uchun nechogʻliq xavfsiz? Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish qanday amalga oshiriladi? Rossiya Federatsiyasi Novovoronej AES faoliyati bilan yaqindan tanishuv ana shu kabi savollar va masalalarga oydinlik kiritdi.

Joʻrabek MIRZAMAHMUDOV,
“Oʻzatom” agentligi bosh direktori:

— Oʻzbekistonda AESni qurish qarori oʻz-oʻzidan, shunchaki qabul qilingan emas. Buning uchun har tomonlama chuqur hamda puxta tahliliy oʻrganishlar olib borildi, xorijiy tajriba va sohadagi zamonaviy tendensiyalar eʼtiborga olindi. AESning qurilishi iqtisodiy zarurat edi. Boisi hozirgi kunda aholi soni koʻpayishi bilan elektr energiyasiga boʻlgan talab ham oshib boryapti. Taxminlarga koʻra, 2030 yilga borib, bugungi kundagiga nisbatan ushbu resursga boʻlgan talab 2 barobar oshishi kutilmoqda. AES qurilishi esa ana shunday murakkab masalalar yechimida va aholi farovonligini taʼminlashda katta rol oʻynaydi.

Ayni paytda Oʻzbekistonning elektr energiyasiga boʻlgan yillik ehtiyoji 69 mlrd. kilovatt/soat boʻlgani holda, ishlab chiqarish hajmi 64 mlrd. kVt/soatni tashkil etadi. Demak, oradagi farq talabga nisbatan 5 mlrd. kam. Bundan tashqari, mazkur energiyaning qariyb 85 foizi gaz, koʻmir hisobidan olinsa, atigi 15 foizi gidroelektrostansiyalar hissasiga toʻgʻri keladi. Mutaxassislarning fikricha, 2030 yilga borib, Oʻzbekistonning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji 117 milliard kVt/s.ga yetadi.

Behzod YOʻLDOSHЕV,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti:

— AESning yurtimiz istiqbolidagi oʻrni katta. Samaradorlik va ekologik tomondan atom energetikasiga teng keladigan boshqa muqobil manba hozircha mavjud emas. Neft-gaz, koʻmir, atomni yoqish hamda muqobil yoʻl bilan olinadigan energiyalar orasida atom energiyasi eng tozasi. Chunki u zararli gazlar chiqarmaydi, suvni tejaydi va uzoq yil bemalol xizmat qilib berishi mumkin. Shu jihatlari bilan AES ustundir.

Barqaror hamda ekologik toza energiya manbasini olish uchun ishni hozirdanoq boshlash lozim. Atom elektrostansiyasining barpo etilishi ana shunday maqsadda bosilgan dastlabki qadam boʻla oladi.

Novovoronej AES — Rossiya Federatsiyasining eng koʻhna va mintaqadagi yirik energiya ishlab chiqarish subyektlaridan biri. Stansiya Voronej oblastida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojning qariyb 85 foizini, Novovoronej shahrining issiqlik energiyasiga boʻlgan 90 foiz talabini qoplash quvvatiga ega. Shuningdek, ushbu atom elektr stansiyasi hududdagi 20 dan ortiq yirik korxonalarni elektr manbai bilan taʼminlaydi. Inshoot Rossiyadagi ilk suvli energetik reaktor sanaladi. Bugungi kunda stansiyadagi xuddi shu turdagi reaktorlarga ega boʻlgan 3 ta energoblok elektr quvvatini yetkazib berishga xizmat qilmoqda. Ular ichida eng zamonaviy va qudratlisi, bu — VVER-1200 dir. Yurtimizda ham xuddi shu namunadagi AESni qurish koʻzda tutilgan.

Maqolaning toʻliq varianti bilan “Xalq soʻzi“ gazetasining 2018 yil 19 dekabr 262-sonida tanishishingiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?