Mahallaning tinchi buzildi. Qarshi shahridagi odamlar nimadan norozi?

16:18 23 May 2019 Jamiyat
771 0

Bir xonadonda tinchlik buzilsa, najot istab, avvalo, mahallaga kelinadi. Oiladagi “qoʻydi-chiqdi” muammolari, gʻam-tashvishlar mahalla koʻmagida hal etiladi. Chunki mahalla – davlat ichidagi kichik Davlat! Lekin, mahallaning oʻzi notinch boʻlsachi? Unda fuqarolar kimdan najot kutsin?

Qarshi shahridagi Beklar mahallasi ham tinch osoyishta maskanlardan biri edi. Faqat bundan ikki yilcha muqaddam. Nima boʻldiyu, mahalla hovlisi kimgadir kerak boʻlib qoldi. Yaqinda ushbu hovli bogʻidagi mevali daraxtlar mahalladan ruxsatsiz hosili bilan kesib tashlandi. Bu haqda dastlab mahallada yashovchi faollardan biri Oʻroq bobo Hotamov ogʻzaki murojaat qildi. Keyinroq esa mahallaning 163 nafar fuqarosi imzo chekkan shu masala bilan bogʻliq shikoyat arizasi kelib tushdi.

Haqiqiy ahvolni oʻrganish uchun voqe joyi bilan tanishib, surishtiruv ishlarini olib bordik. Maʼlum boʻlishicha ushbu mahalla yonida joylashgan Qarshi shahar “Furute eye deads” MCHJ tomonidan mahalla hovlisidagi qiygʻos gullab turgan va hosil solgan koʻp yillik oʻrik, gurdoli, tut, olcha kabi 10 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlangan.

Muammo faqat kesilgan daraxtlardami?

Mahalla raisi Bahor Arabovaning viloyat Ekologiya va atrof -muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Gʻ. Ibragimovga chora koʻrishni soʻrab qilgan murojaatidan soʻng “Furute eye deads” MCHJ rahbari Jasurbek Rahmonovga mevali daraxtlar noqonuniy kesib tashlangani uchun Maʼmuriy javobgarlik qoʻllanilib, tabiatga, yaʼni oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan 1256926 soʻm zararni tegishli qonunchilik asosida undirish choralari koʻrildi.

Shu oʻrinda aytish joizki, yaqinda Qarshi shahridagi koʻp yillik daraxtlarning noqonuniy kesilayotgani, bu shahardagi mikroiqlimga salbiy taʼsir etayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor bong urilgan edi. Afsuski, aholi oʻrtasida keskin norozilikni keltirib chiqarayotgan bu kabi ayanchli holatlar hamon davom etmoqda. Shu bois buning sabablarini chuqurroq oʻrganishga harakat qildik.

Oʻrganish davomida muammo faqat daraxtlarni noqonuniy kesishda emas, anchayin chuqurroq, xususan, mahalla maʼmuriy binosi hovlisidagi ushbu hududning kimga tegishli ekanligiga borib taqalishi maʼlum boʻldi. Aniqlanishicha, mahalla maʼmuriyati hududidagi 0,68 gektar hovli maydoni Qarshi shahar hokimining 1994 yil 7 sentyabrdagi X-237/9 qarori bilan Beklar mahallasiga berilgan.

Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36 moddasiga koʻra MFYga biriktirilgan yer maydonining 3472 kvadrat metri Qarshi shahar hokimining 2017 yil 10 fevraldagi X-309/2 –sonli qarori bilan zaxiraga qaytariladi. 2017 yil 28 mart kuni esa ushbu yer maydonining 2252 kvadrat metri shahar hokimligi doimiy komissiyasining dalolatnomasi hamda Qarshi shahar Beklar mahalla fuqarolar yigʻinining xati asos qilinib, “Furute eye deads” MCHJga xususiy bolalar bogʻchasi qurish uchun beriladi.

Oxirgi soʻzni sud aytdi, ammo...

Qizigʻi shundaki, mahalla raisi bunga rozilik xati bermagan. Yer kodeksining 36-37 moddalarida esa yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bekor qilinishi yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yer egasining roziligi bilan tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qoʻyilishi belgilangan.

Shahar hokimligiga bunday xat (rozilik) berilmaganligi va mahalla fuqarolar yigʻini raisi B. Arabova tomonidan dalolatnoma imzolanmaganligi sababli mahalla raisi Qarshi shahar hokimining 2017 yil 10 fevraldagi X-309/2-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish haqida viloyat sudiga ariza taqdim etadi. Bu ariza Qashqadaryo viloyat maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasining qarori bilan qanoatlantirilgan. Shu tariqa sud qarori bilan shahar hokimligining ushbu qarori haqiqiy emas, deb topildi. Yaʼni hovli yer maydoni mahalla ixtiyoriga qoldiriladi.

Adolatli sud qarori muammoga nuqta qoʻygandir, deysizmi? Afsuski yoʻq.Ushbu sud qarori ijrosi toʻgʻrisida Qarshi shahar hokimligining qarori chiqarilib, unda negadir sud qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinadida, mahalla hududidagi 0,68 gektar yerning 2800 kvadrat metri “oqilona foydalanilmasdan qarovsiz tashlab qoʻyilgan” degan vaj bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yana shahar hokimligi zaxira yer fondiga qaytarilsin, deyiladi.

Oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan, deganlaridek, shahar hokimi atalmish bu arbob oldida sudning qarori ham ojiz qoldi. U sud qarorini ijro qilish, yaʼni oʻz qarorini bekor qilish oʻrniga yerni yana zaxiraga olish haqida qaror chiqardi. 

-Qarshi shahar hokimligi yuristi Sherzod Buxorov bilan shu masalada bogʻlandik.

-Beklar mahallasi hovlisini zaxiraga olishda haqiqatda yer kodeksi moddalari notoʻgʻri qoʻllanilgan, shuning uchun sud bekor qildi, -deydi u. -Yerni biz qaytadan qonuniy qilib zaxiraga olganmiz. Keyingi qarorga yer kodeksining 37-38 moddalari asos qilingan. Biz maʼlumot taqdim etamiz.

Afsuski yurist vaʼda qilgan oʻsha maʼlumotni biz ololmadik.

Masalaga yanada oydinlik kiritish va huquqiy baho berish maqsadida soha mutaxassisi -Qarshi shahar “Femida-Qalqon” advokatlik firmasi advokati Murodilla Tursunovga murojaat qildik.

-Yer kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar toʻgʻrisida Oliy sud plenumida qabul qilingan qarorda mana shu holat boʻyicha yer kodeksining 38 moddasi talablari bajarilishi kerak, -deydi M. Tursunov. -Shahar hokimi viloyat Maʼmuriy sudining hal qiluv qarori ijrosini taʼminlash maqsadida (hal qiluv qarorida hokimning mahalla yerini zaxiraga olish toʻgʻrisidagi qarorini bekor qilish belgilangan) mahallaning yeri yer kodeksining 36- moddasi, 1- qismi, 7- bandiga asosan zaxiraga olinsin deb, qaror chiqargan. “Yer kodeksi”ning 38- moddasida, ushbu kodeksning 36- moddasi 1- qism 6-11- bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan boshqa hollarda yerlardan foydalanish, ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirgandan keyin yer uchastkasini bergan organga yer uchastkasini olib qoʻyish haqida taqdimnoma kiritadi deyilgan. Yaʼni, bu fermerlarning dehqon xoʻjaligiga taalluqli. Mahalla hovlisi esa qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer emas, shu mahalla maʼmuriyatining tadbirlarini oʻtkazishga moʻljallangan hovlisi boʻlgan.

-Bu yer nuroniylarimiz kelib dam olib ketadigan, shaxmat-shashka oʻynaydigan joy edi, -deydi Oʻroq bobo Hotamov. Ilgari bolalar shaxmat toʻgaraklarini tashkil qiluvdik, musobaqalar oʻtardi. Shuning uchun bu yerni yana oʻsha nuroniylarimizning maskaniga aylantiramiz, degandik. Hozir mahallamizda 538 nafar nuroniylar istiqomat qiladi, bir nafar urush qatnashchisi bor. Lekin shahar hokimining qarori chiqqandan keyin bu yerdagi daraxtlar, nuroniylarimiz oʻtiradigan karavotlar kesib tashlandi.

“Menga dushmandek qarashmoqda”

Ajablanarlisi shundaki, oldinroq mahalla yerining zaxiraga olinishiga qarshi boʻlgan mahalla raisi B. Arabova, keyinroq bunga rozi boʻlganligini aytib, maqola yozishni toʻxtatishni iltimos qildi.

-Men sudga mayli bogʻcha qurilsin, deb yozib berdim, jonimga tegib ketdi, charchadim, -deydi B. Arabova. - Ilojim yoʻq qoʻymayaptida meni ham. Hamma menga dushmanga qaraganday qarab qoldi. Shuning uchun materialni bermang.

Ana xolos. Shahar hokimligi tomonidan tazyiqqa olingan mahalla raisining rozilik xati yerni qonuniy zaxiraga olish uchun yetarli boʻldi va hokimiyat maqsadiga erishdi.

Ammo, mahalla fuqarolar yigʻini kengashi, faollari va nuroniylar bundan norozi.

-Shu mahallada 1967 yildan buyon yashayman, -deydi ariza mualliflaridan biri Ikrom Roʻziyev. -Mahallaning mulki daxlsiz boʻlishi kerak emasmi?! Mahalla hududini undan olib bunga sotib yuboraversa, bu qanday daxlsizlik boʻladi. Bu mahalla hududini obod qilishga ozmuncha kuchimiz ketganmi. Daraxtlar ekdik, koʻpaytirdik. Hokimiyatni odamlari nega bu joyni berib yuboryapti?

-Mahalladagi daraxtlarni kesib, qurilish qilinishini eshitib biz virtual qabulxonaga murojaat qildik, -deydi mahalla nuroniylaridan Nurim Davronov. -Viloyat hokimi bizni qabul qildilar, bogʻni kelib koʻrib, bu yer mahallaga qolishi kerak, issiqxona qilinglar, ekin ekinglar, obod qilinglar, deb aytdilar. Shundan keyin ham shahar hokimligi yerni tadbirkorga berish uchun olib qoʻymoqchi boʻlaverdi. Biz yana murojaat qildik. Ikkinchi marta viloyat hokimi kelib, bogʻni nuroniylarga berilsin, bogʻchaga boshqa joydan yer beringlar deb aytdi. Biz mahalla oqsoqollari sifatida boshqa joylardan taklif kiritdik. Lekin, faqat shu bogʻga yopishib oldi. Bundan anglashiladiki, maqsad bitta, shu yerni uy-joy qilib olish. Bizning arizamizni esa hech kim tinglamadi.

Nuroniylarni kim “oyoq osti” qilmoqda?

-Prezidentimiz mahallaning obroʻsini koʻtarish uchun qancha harakat qilyaptilar, deydi Oʻroq bobo Hotamov. - Qarshi shahar hokimi esa aksincha ish qilib, uning obroʻsiga putur yetkazyaptiku. Biz nuroniylar mahalla hovlisida oʻz hisobimizdan mevali daraxtlar ekib, nuroniylar bogʻi tashkil qildik, obod etdik. Keyin mahallada boʻladigan tadbirlar shu yerda oʻtadigan boʻldi. Qanday qilib shunday joyni tashlandiq, deb boʻladi. Endi mahalla bilan kengashmasdan, nuroniylardan soʻramasdan, buning ustiga viloyat hokimi shu bogʻni mahallaga qoldiringlar deb turganda uning topshirigʻini inobatga olmasdan, mahallani ham, shu mahallada yashaydigan nuroniylarni ham oyoq osti qilib, bu bogʻni olib qoʻyishga shahar hokimining qanday haqqi bor? Qolaversa, shahar hokimining qarori sud qaroridan ham ustun turadimi?

Shundan keyin ham bu tortishuvlar davom etaverdi, saylov oldidan shahar hokimi taʼsir oʻtkazavergach, mahalla raisi B. Arabova mahalla Kengashi bilan maslahatlashmasdan yerni zaxiraga qaytarishga norozi boʻlib bergan arizasidan voz kechdi, yaʼni rozi boʻldi. Shuning uchun biz Kengash aʼzolari 5 may kuni toʻplanib, mahalla raisi kengash aʼzolaridan ruxsat olmasdan oʻzboshimcha bergan fikri uning shaxsiy fikri hisoblanib, mahallaning sudga boʻlgan huquqi tiklansin, degan qarorga kelishga majbur boʻldik.

Suv quvuri ustidan ham uy qurib yuborishdi

Shu mahallada yashovchi Shoira Abdullayeva shahar arxitekturasida 37 yil ishlaganligi uchun mahallaning barcha kommunikatsiyasi bilan shugʻullanganligini aytadi. Uning taʼkidlashicha shahar hokimligi zaxiraga olgan yerning ostidan 500 lik ichimlik suv quvuri oʻtgan, bu quvurdan 3 mikrorayonning suv havzasiga suv tashlanadi.

-Arxitekturada ishlaganim sababli men yaxshi bilaman, suv quvuri oʻtgan joyning ikki tomonidan 5 metrdan 10 metr muhofaza maydoni boʻladi. Shuning uchun bu yerda biror obyekt qurish mumkin emas, -deydi Sh Abdullayeva.-Lekin ushbu muhofaza hududi bogʻcha qurilishi uchun, deb berilyapti. Afsuski, hozir shaharda yer bilan bogʻliq bunday muammolar juda koʻpaygan.

-1978 yildan buyon shu mahallada yashayman, -deydi Xoliyor Berdiyev. -Bogʻcha qurilishiga deb berilayotgan shu bogʻ hududidan suv quvuri oʻtganligini bilaman. Biz bundan 20-25 yil oldin shu bogʻdagi daraxtlarni bittadan ekib, oʻstirganmiz. Bogʻda har yili bayramlarni oʻtkazardik. Xususiy bogʻcha qurish uchun joy koʻp, 7-maktab oldida katta yer bor edi, ikki qavatli foydalanilmay yotgan bino bor edi, biz aytganmiz, nega shunday joylardan qurishmaydi. Viloyat hokimi Zafar Roʻziyevning oʻzi kelib, bu yerga teginmanglar, bu mahallaniki, nuroniylar oʻtirib dam olsin, deb ketgan ediku.

Mahalla oqsoqollaridan biri Roʻyiddin Hikmatovning aytishicha mahalla yeri ichimlik suv quvuri himoya hududiga tushganligi, yaʼni bu yerdan kelajakda foydalanish imkoniyati boʻlmagani uchun 0,68 sotix yer mahallaga qoʻshib berilgan. Lekin oʻsha daxlsiz himoya hududi yerlari ham aholiga berib yuborildi.

Savollarga kim javob beradi?

Surishtirish davomida juda koʻp savollar paydo boʻldi. Avvalo, mahallaga munosabat masalasida. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 aprelda qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 7 bandida Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va kadastri davlat qoʻmitasiga ikki oy muddatda fuqarolar yigʻinlari tomonidan foydalanib kelinayotgan davlat mulki boʻlgan binolarni biriktirilgan yer maydonlari bilan birgalikda xatlovdan oʻtkazib, ularning belgilangan tartibda fuqarolar yigʻinlariga mulk huquqi bilan berilishini taʼminlash topshirildi. Amalda esa Beklar mahallasining biriktirilgan yer maydoni mulk huquqi bilan berilishi oʻrniga tortib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yigʻinlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini roʻyobga chiqarish maqsadi taʼkidlanadi. Unda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirish mahalla institutini yanada takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan etib belgilandi.

Xoʻsh, aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilma deb, eʼtirof etilayotgan mahallaning 163 nafar xalqi nega bugun norozi boʻlmoqda? Ularning arzi nega tegishlicha adolatli oʻrganilmayapti? Bugun oʻz hududini hokim degan amaldordan saqlab qolishga qurbi yetmaydigan shoʻrlik mahalla qanday qilib Farmonda aytilganidek, xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshi boʻla oladi?

Mahalladan zaxiraga olingan yer maydoni ichimlik suv quvurining muhofaza hududida boʻlsa, unda nega qurilish ishlariga ruxsat berilgan? Afsuski, shahar hokimligi mutasaddilari ushbu qaror haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishmadi. Xullas, savollarning adogʻi yoʻq. Shu bois jamoatchilik muhokamasiga havola etilayotgan ushbu masala yuzasidan viloyat va shahar hokimliklari, huquq-tartibot idoralari, arxitektura va boshqa tegishli tashkilotlarning mutasaddilaridan javob kutib qolamiz.

A. Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?