Mahalladan ma’lumotnoma olish amaliyoti bekor qilinishi mumkin

17:01 07 Iyul 2018 Jamiyat
508 0
Foto: Xabar.uz

Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining (mahalla) ma’lumotnomalari va boshqa hujjatlarini taqdim qilish talabini bekor qilishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi tayyorlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, turli hayotiy vaziyatlarda fuqarolardan mahallalar (o‘zini o‘zi boshqarish organlari) tomonidan beriladigan ma’lumotnomalar talab etiladi. Amaldagi qonunchilik bunday ma’lumotnomalar 51 holatda berilishini ko‘zda tutadi. Biroq amaliyotda mahallalar tomonidan aholiga beriladigan ma’lumotnoma va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni berish tartibi haddan ziyod byurokratlashtirilgan, ba’zi hollarda esa ularni berish uchun noqonuniy to‘lov olish hollari kuzatilib, bu fuqarolarning asosli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, ushbu organlarda ma’lumotlar yo‘qligi sababli, ushbu ma’lumotnomalardagi axborotlarni asosli va to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. O‘z navbatida qonunchilik bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faktlarni o‘rnatish bo‘yicha vakolatlari mustahkamlab qo‘yilmagan.

Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida 49 ta normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan, mahalla ma’lumotnomalari va boshqa hujjatlarni olish talablarini bekor qilish nazarda tutiladi.

Jumladan, turar joydan (propiska), jumladan birgalikda, ishsizlik (vaqtincha yoki doimiy), bolalarni, yolg‘iz shaxslar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish bo‘yicha vaqt va shaxs haqida tavsifnoma berilishining bekor qilinishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyiha bilan tegishli xizmatlarni ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tasdiqlovchi ma’lumotni tegishli ma’lumotlar bazasini (reyestrlar, ro‘yxatga olish kitoblari, arxivlar va x.k.) yuritishga vakolatli davlat organlaridan so‘rash kerakligi belgilab beriladi.

“Loyihaning qabul qilinishi aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini, davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlaydi”, — deyiladi Adliya vazirligi matbuot xizmati xabarida.

O‘z navbatida mahallalarning oilaning moddiy ahvoli, a’zolari (qarindoshlik darajasi) va boshqa hujjatlar (kafolat va kafillik xatlari, yozma tavsiyalar va iltimosnomalar) berish huquqi saqlanib qoladi. Bunda ushbu harakatlar xalqqa eng yaqin tuzilma hisoblangan o‘zini o‘zi boshqarish organlari vazifalariga to‘liq mos kelishi hisobga olindi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va markazlashgan ma’lumotlar bazasi (arxivlar, reyestrlar va h.k)ni tashkil qilish natijasida bundan keyin mahallalardan ma’lumotnoma olishga bo‘lgan ehtiyoj qisqarib boraveradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?