Mahallalar va oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash — kechiktirib boʻlmaydigan masala

09:33 31 Oktyabr 2019 Jamiyat
216 0

Illyustrativ foto

“Yana bir inkor etib boʻlmaydigan haqiqat borki, fuqarolarda ham islohotlarga nisbatan daxldorlik hissi shakllanishi kerak. Ana shundagina koʻzlagan maqsadlarga erishib, oldimizga qoʻyilgan vazifalarning toʻliq uddasidan chiqamiz. Bu jarayonda kuchli va taʼsirchan jamoatchilik nazoratining oʻrni beqiyosdir”.

Shavkat MIRZIYOYEV

Hamkorlik

Poytaxtimizda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ittifoqi hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan “Oila va mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etishda jamoat va davlat tashkilotlari hamkorligi” mavzuida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mazkur tadbirda mahallalar mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarda faol qatnashayotgani, fuqarolik jamiyatining muhim boʻgʻini sifatida nufuzi tobora oshib, aholining eng yaqin koʻmakchisiga aylanib borayotgani, shuningdek, mahalla va oilalar bilan bogʻliq tezlikda hal etilishi zarur boʻlgan muammolar mavjudligi alohida taʼkidlandi. Bu esa ushbu masalalarga aloqador boʻlgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari kuchini birlashtirishni taqozo etdi.

Tadbirda hamkor tashkilotlar tomonidan ыabul ыilingan Murojaatnoma ana shu hayotiy zarurat tufayli ishlab chiqildi.

Unda jumladan shunday soʻzlar bayon etilgan: “Nega ayrim oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yoʻqolib, oʻzaro munosabatlarga manfaat, tama qoʻshilayotir? Nega oʻz bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar koʻpayib borayotganiga indamay qarab turibmiz?! Axir, Vatan kelajagi — farzandlar tarbiyasi, kamoliga bogʻliq emasmi?

Bizda azaldan ota adolatli fikri, haq soʻzi, ibrati bilan oilaning ustuni, vijdoni boʻlib kelgan. Bejiz xalqimiz “Ota rozi — xudo rozi” demagan. Bugun ayrim oilalarda otalar oʻrni, hikmati sezilmayapti. Oilaviy munosabatlarda maʼnaviy-axloqiy muvozanatning buzilayotgani, oilaviy ajrashishlar, jinoyatlar, mulkiy mojarolar koʻpayib borayotgani hammamizni tashvishlantiradi”.

Murojaatnoma mahallalar va oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, turli illatlarga barham berish, oilaviy ajrashishlar va jinoyatchilikning oldini olish va boshqa dolzarb masalalarda davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirishga yoʻnaltirilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Anjumanda mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish boʻyicha jamoat tashkilotlarining Hamkorlik dasturi tasdiqlandi.

Dastur mahallalar va oilalarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish bilan bogʻliq 7 ta yoʻnalishni qamrab olgan boʻlib, biron masala eʼtibordan chetda qolmagan.

Xususan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida “Koʻring, havas qiling, ibrat oling!” mavzuida davra suhbatlari oʻtkaziladi, sud va FHDYO organi binolarida “Oila burchaklari”ni tashkil etiladi. Xotin-qizlar ishtirokida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.

Oʻz navbatida, dasturda aholining maʼnaviy tushunchalarini boyitish, milliy-axloqiy va huquqiy tarbiyasini, boy adabiy merosimizga boʻlgan mehrini shakllantirishda mahalla institutining rolini yanada oshirish, xususan, toʻy va boshqa oilaviy marosimlarni ixcham va kamxarj oʻtkazish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Bugungi kunda keng jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik qilmasdan turib, xalq ichiga chuqur kirib borish amrimahol. Shundan kelib chiqib, dastur doirasida “Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qiluvchi tuzilma” tanlovini oʻtkazish belgilangan. Yakunda esa faol jamoat tashkilotlarining tajribasi keng ommalashtiriladi.

Tadbirda Murojaatnoma va Hamkorlik dasturining mazmun-mohiyati va bugungi kundagi ahamiyati atroflicha tushuntirildi.

Shavkat JAVLONOV, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari:

— Bugun zamon bizdan mahalla va oila institutlarini mustahkamlash masalasiga chuqur ilmiy yondashuvni, muammo yechimida innovatsion usullarni qoʻllashni, sohada ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda jamoat tashkilotlari bilan amaliy hamkorlikda ish olib borishni talab etmoqda. Shundagina notinch va nizoli oilalar muammolarini hal etish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oila mezonlari, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyani hayotga tatbiq etishimiz mumkin boʻladi. Ushbu yoʻnalishlarda yillar davomida yigʻilib qolgan qator muammolar ham borki, ular barchamizni tashvishga solishi tabiiydir.

Kuchlarimizni birlashtirishmasdan turib ularni bartaraf etish sira mumkin emas. Shu maqsadda Hamkorlik dasturi qabul qilindi. Muhimi, unda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni Respublika — viloyat — tuman —mahalla darajasida aniq ijro etish mexanizmlari belgilab berilgan.

Zero, barchamiz hayotimizda uchrayotgan ayrim kamchilik va muammolarni birgalikda hal qilsak, salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan imkoniyat va harakatlarimizni birlashtirsak, mahallamiz va yurtimiz tinch, turmushimiz esa yanada farovon boʻladi.

Dastur doirasida:

* Aholining maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini kengaytirish va kitobxonlik darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

* Targʻibot ishlarini tizimli tashkil etish orqali oilalar hamda aholining, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish choralari koʻriladi.

Elmira BOSITXONOVA, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi:

— Yaqingacha barcha jamoat tashkiloti oʻz nizomi, faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqib, alohida ish olib borar, bu oʻz natijasini kamroq berayotgandi. Hatto, shunday bir tendensiya shakllangandiki, jamoat tashkilotlari zamon oldimizga qoʻygan biron masala yechimiga javob topishda “Bu mening vazifam doirasiga kirmaydi”, “Bu bilan falon tashkilot shugʻullanishi kerak”, “Nega men?!” degan yondashuv hamda qarashlar hukmron boʻlib keldi. Bugunga kelib ayon boʻldiki, bunday yondashuv xatoligini hamda endilikda birgalikda harakat qilishi zarurligini zamonning oʻzi dolzarb vazifa qilib oldimizga qoʻydi.

Ushbu hayotiy zarurat mevasi boʻlgan Hamkorlik dasturi bizdan nimani talab etadi?

Unda koʻzda tutilgan barcha vazifalar qatorida, xotin-qizlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish yoʻnalishidagi faoliyatimizni yanada kuchaytirish zarurligini ham aytib oʻtish joiz.

Dastur asosida:

* “Ayol maʼnaviyati” mavzusida targʻibot tadbirlari oʻtkazamiz.

* Qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, kasbga oʻrgatish, bandligini taʼminlashga qaratilgan “Maʼrifatli qizning qadami qutlugʻ kelur” aksiyasiga bosh-qosh boʻlamiz.

* Toʻy va marosimlarni ixcham, tartibli oʻtkazish boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida jamoatchilik muhokamasi, maslahatlashuv va davra suhbatlari tashkil etiladi.

Minhojiddin XOJIMATOV: Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari:

— Davlatimiz rahbari aytganlaridek, bugun jamoatchilik uygʻonishi va islohotlar jarayonida faollashishi har qachongidan muhim. Nega shunday? Sir emas, hozirgi globallashuv davrida insoniyat katta sinovni boshdan kechiryapti. Zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar imkoniyatidan bahramand boʻlganimiz holda, yomon illatlar oilamizga, ongu shuurimizga kirib kelib, chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu tahdiddan, ayniqsa, yoshlarimiz koʻp aziyat chekmoqdalar.

Shunday vaziyatda jahoniy tahdiddan saqlanishning birdan-bir yoʻli bu, albatta, maʼrifatdir. Farzandlarimizni maʼnaviyatli qilib tarbiyalash faqatgina maktab, mahalla yoki oilaning ishi emas, u umumxalq vazifasidir, desak ayni haqiqatdir.

Hamkorlik dasturi shunday bir sharoitda ishlab chiqilganligi bilan juda ahamiyatlidir.

Unga binoan:

* Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni izchil tashkil etish, ularning taʼsirchanligini oshirish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish va yurtdoshlarimizda yomon illatlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirishga katta eʼtibor beriladi.

Dilorom TOSHMUHAMEDOVA, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori, senator:

— Oila — moʻjaz vatan, demak, farzandlarimiz bu muqaddas maʼvoda oʻsib-ulgʻayishi, ilm choʻqqilarini egallashi, har tomonlama yetuk insonlar boʻlib tarbiyalanishi lozim. Bunday farzandlar har qanday vaziyatda ham ahd-paymonida qatʼiy turadi, el-yurt farovonligi yoʻlida sadoqat bilan mehnat qiladi. Modomiki, farzandlarimiz yetuk insonlar boʻlishini istar ekanmiz, ular namunali oilada kamol topishi haqida qaygʻurishimiz ayni zaruratdir.

Tabiiyki, Hamkorlik dasturida koʻzda tutilgan vazifalarning barchasi bevosita bizga ham taalluqli. Birgalikda harakat qilsak, albatta, natijaga erishamiz.

Hamkorlik dasturi asosida:

* “Oila va jamiyat farovonligi  taraqqiyot omili” mavzuida uchrashuvlar tashkil etiladi.

* “Oilalarda totuvlikka erishamiz!” shiori ostida “Maslahat” aksiyasi uyushtiriladi.

Alisher SAʼDULLAYEV, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi:

— Bugun yoshlarimizning erishayotgan yutuq va marralarini koʻrib, birdek quvonamiz. Ayniqsa, sport va ilm-fan bobidagi muvaffaqiyatlari har qancha tahsinga loyiq. Ammo shunga qaramay, yosh avlod tarbiyasi bilan bogʻliq muammolar ham koʻzga tashlanayotir. Xususan, oilaviy ajrashishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar koʻpayishi, milliy urf-odat va qadriyatlarga boʻlgan hurmatsizlikning kuchayishi, aldamchi gʻoyalar ketidan ergashib ketish holatlari ortgani barchani hushyorlikka chogʻladi. Ana shu hayotiy zarurat bois Murojaatnoma va Hamkorlik dasturi ishlab chiqildiki, ular mahallalar va oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish orqali yoshlarni Vatanga sadoqatli insonlar qilib kamolga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz.

Mazkur yoʻnalishda:

* Maktablarning oʻquvchilari oʻrtasida “Mahalla mening taqdirimda” koʻrik-tanlovi uyushtiriladi.

* Yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida madaniy-maʼrifiy tadbirlarga keng urgʻu beriladi.

Shuhrat JALILOV, “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi:

— Yurtimizda keksa avlod vakillariga boʻlgan hurmat va eʼtibor koʻlami shunchalik kengki, ularni sanab oʻtishning oʻziga koʻp vaqt ketadi. Misol uchun, joriy yildan eʼtiboran oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” sifatida belgilandi va uning doirasida koʻp ezgu ishlar roʻyobga chiqarildi. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturiga koʻra, keksa avlod vakillarining tarixiy shahar va ziyoratgohlarga sayohati uyushtirilmoqda. Yana qanchadan-qancha ezgu amallar qilinayotir...

Xoʻsh, biz, nuroniylar ana shu gʻamxoʻrlikka qanday javob beryapmiz?

Bugungi tezkor va globallashuv davri yoshlar tarbiyasiga yanada hushyorlik va ogohlik bilan yondashishni, maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarda tabarruk yoshdagi insonlarning tajribasi, yoʻl-yoʻriqlari, nasihatlaridan unumli foydalanishni taqozo etmoqda. Hamkorlik dasturi asosida ushbu yoʻnalishda ham qator ishlar amalga oshiriladi.

Jumladan,

* Nuroniylar hamda pensiyadagi harbiy xizmatchilar ishtirokida maktablarda “Keksalar maʼrifati” mavzuda tadbirlar oʻtkaziladi.

Umuman, Murojaatnoma va Hamkorlik dasturi oila va mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish orqali jamiyatda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhit qaror topishiga, pirovardida aholining islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Zokir XUDOYSHUKUROV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?