Mahalladan maʼlumotnoma berilishi bekor qilindi

09:43 05 Oktyabr 2018 Jamiyat
2002 0

4 oktyabr kuni “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali maʼlum qildi.

Qarorga binoan 15 oktyabrdan davlat xizmatlari koʻrsatilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan taqdim etiladigan quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi: 

shaxsning yashash joyi boʻyicha (propiska qilinganligi) yashayotganligini;

shaxsning ishsizligini;

bolani, yolgʻiz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;

shaxsning tavsifnomasi.

Endilikda davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida shaxsning yashash joyi boʻyicha (propiska qilinganligi) yashayotganini va uning ishsizligini tasdiqlovchi hujjatlar zarur boʻlsa, mazkur maʼlumotlar davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishincha Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan olinadi.

2020 yil 1 yanvardan davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida oila tarkibi, qarindoshlik darajasi va fuqaroning oilaviy ahvoli haqidagi maʼlumotlar davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan FHDYO organlaridan mustaqil ravishda olinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?