Mahalla va ko‘chalar husniga tushgan dog‘lar

16:28 02 Avgust 2018 Jamiyat
262 0

Meni Rossiyadagi jahon chempionati haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan Belgiya bilan mag‘lubiyatdan so‘ng yapon sportchilari yechinish xonasini tartibga keltirishgani va rus tilida “rahmat” degan yozuvni qoldirishgani haqidagi xabar havasimni keltirdi. Buni eshitgach, yodimga urushda mag‘lubiyatga uchragach, o‘zini tiklab olish uchun hukumatga barcha taqinchoqlarini topshirgan yapon onalari keldi. Ularning avlodi axir — o‘yin tugagach, stadiondagi chiqindilarni ham birma-bir tozalab chiqib ketishdi. Ana-a tantilik! Alisher Navoiy bobomiz:

Tabiatda har neki odat bo‘lur,
Chu eskirdi odat tabiat bo‘lur,

deganlari bejiz emas. Yaxshi odatlar namunali fe’l-atvorni shakllantirishiga yaponlar yaqqol misol bo‘la oladi. Shu bahonada Yaponiyada bizda hali-hanuz muammo bo‘lib turgan chiqindilarning qanday yig‘ilishi bilan qiziqdim.

U yerda hamma chiqindilarni saralashga majbur. Yondiriluvchi chiqindilar uchun alohida konteyner, yelim uchun alohida idish qo‘yiladi. Yelim idishlarning qopqoqlari olinib, maxsus qutiga solinadi. Tokioda piyodalar yo‘lagi chetida maxsus xaltalar paydo bo‘ladi. U yerga ilk bor borgan ko‘plab sayyohlarni ko‘chalardagi tozalik va chiqindi qutilarning yo‘qligi hayratga soladi. Bu tozalik — tozalanadigan joyda emas, odamlar iflos qilmaydigan joyda, degan naqlni eslatadi. Hukumat fuqarolarga muntazam ravishda noqonuniy chiqindi tashlash jinoyat ekanligini, buning uchun 5 yilgacha muddatda ozodlikdan mahrum qilish va 10 million iyen jarima jazosiga mahkum bo‘lishini uqtiradi.

BugunYaponiyada shisha idishlarning90 foizi qayta ishlanib, yangi mahsulot ishlab chiqariladi.Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yildagi Olimpiada chog‘ida yapon termasi ham boshqa sportchilar kabi utilizatsiya qilingan chiqindilar sepilgan orollarda yashab, mashq qiladi va ularning liboslari qayta ishlangan yelimdan tayyorlanadi.

Bizda-chi?..

Ishga shoshayotib, ariq hatlayman. Chiroyli beton ariqcha suv oqishi uchun mo‘ljallangan. Ammo uning ichi to‘la chiqindi. Bunday ariqchalarni ko‘plab joylarda odamlar chiqindixonaga aylantirib olishganini ko‘rganman. Seryomg‘ir kunlarda suv oqmay, hammayoq to‘lib-toshib yotadi keyin. Bunday ariqchalarning vazifasi nima ekanligi hech kimning xayoliga kelmagani bois, ularda suv yurishini ta’minlashga xizmat qiladigan quvurlar-ku, allaqachon ko‘milib-yo‘qolib ketgan. Respublikamizning deyarli barcha shaharlarida ko‘p qavatli uylar oldida shunaqa ahvolni ko‘rishingiz mumkin.

Endi men o‘zim har kuni guvoh bo‘ladigan Jizzaxning mahalla va ko‘chalariga qaytsam. Shaharning “Jizzaxlik” mahallasi, Ubaydulla To‘raqulov ko‘chasidagi, ya’ni Sobiq “Oqbozor” (kurant soat) hududidagi yo‘lning har ikki tomonidagi ariqda ham ahvol shu.Jizzax shahridagi eng katta ishlamaydigan soat joylashgan binoning oldida katta-yu kichik to‘planib, “Gandumtosh” mahallasi yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan taksi, avtobusni kutadi. Chiqindiga to‘lib qolgan lotok ariqdan jirkanib sakrab o‘tadilar, iloji bo‘lsa, ba’zilari bu ahvoldan foydalanib, qo‘lidagi muzqaymoq qutisi yoki bo‘shagan idishlarini tashlab ketishga urinadi.Bu yo‘lning Jizzax olimpiya zaxiralari sport kollejiga qarab ketadigan tomonidagi ariqda suv doimiy balchiq hosil qilgan. Isiga ham, ko‘rinishiga ham chidab bo‘lmaydi.

— Shu qatordagi tadbirkorlar har o‘n besh kunda pul yig‘ib, mardikor yollashadi, — deydi bu hodisaning doimiy guvohi bo‘lgan paynet shoxobchasida o‘tirgan yigit. — Bu gal chiqindilar olib ketilmaganiga bir oylar bo‘lib qoldi.

Jizzax bozorlari har kuni odamlar bilan gavjum. 2016 yilda buyum va dehqon bozorlari oldida, “O‘zbekiston” ko‘chasida bo‘yi 27, eni esa 6 metrni tashkil etadigan yer osti yo‘li qurilib, piyodalar uchun ancha qulaylik yaratilgandi. Biroqaholi undan foydalanmay qo‘ygan, hisob. Chunki yer osti tunnelining hozirgi xarob holini ko‘rib, kayfiyatingiz tushishi aniq. Ayniqsa, peshobdan hosil bo‘lgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi... Shaharning qoq markazi, “Zebo” savdo majmuasining oxirgi do‘koni burchagida esa yo‘lovchilar tashlab ketgan turli idish-u qog‘ozlardan iborat chiqindilar tufayli u yerga yaqin yo‘lab bo‘lmaydi.

— Shahrimiz markazidagi ko‘chalarda har kuni ertalab soat4-4,5larda, bir kunda ikki marotaba chiqindi yig‘adigan mashinalarimiz qatnaydi, — deydi Jizzax shahar hokimligiga qarashli obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Tolib Abduvohidov. — Biz bilan shartnoma tuzgan mahallalarda tozalik ishlari olib boriladi. Yo‘l chetidagi lotoklar masalasiga kelsak, muntazam ravishda aholiga tushuntirish ishlari olib boramiz, lekin foydasi bo‘lmayapti. Hatto joylarga bittadan nazoratchi ham qo‘yib ko‘rdik. Kurant soat tagida joylashgan do‘kondorlarga shuncha aytilishiga qaramay, chiqindilarni mashina jo‘nab ketgandan so‘ng chiqarib yig‘ib qo‘yadi. Ularning har biri do‘kon atrofidagi 5-10 metr joyning tozaligiga mas’uldirlar. “Zebo” savdo majmuasiga kelsak, bir paytlar uning ortiga bo‘sh konteynerlar o‘rnatdik. Ammo foydasi bo‘lmadi, do‘kon egalari hamma chiqindilarini old tomonga yig‘ib qo‘yadi. Lekin u yerga ham chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilishi uchun nazoratchi tayinlaganmiz. Bozor hududi, “O‘zbekiston” ko‘chasida qurilgan tunnel bizga tegishli bo‘lmasa-da, supurib sidirib turish uchun bir ayolni biriktirib qo‘yganmiz. Lekin yer osti yo‘lining devoridagi yozuvlar, buzilgan joylariga biz mas’ul emasmiz.

Jizzax shahar hokimligiga qarashli obodonlashtirish boshqarmasida 17 nafar mas’ul xodim(brigada boshliqlari) va 372 nafar ishchilar ishlaydi. 22 ta traktor bor, yaqinda 4 ta katta “Man” rusumli chiqindi tashuvchi mashina olindi. Bu texnikalar shahar hududini tozalash uchun yetarli esa-da, Tolib akaning ma’lumotiga qaraganda, ayrim mahallalarni obod qilish juda mushkul ish. Nizom Qo‘shoqov, Olim Azimov nomidagi ko‘chalarda aholi bunday ishlarga mutlaqo befarq qarashadi.

— Bundan tashqari, shahar chekkasidan kelib, yo‘l chetiga chiqindi to‘kib ketishadi, — deydi Tolib aka. – Doimiy tozalikka amal qilish uchun menimcha, odamlarning o‘zlarining fikrini o‘zgartirish kerak.

Ma’lum bo‘lishicha, bu ikki ko‘cha katta yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lib, Hamid Olimjon va Navoiy, “Sangzor” mahallalari hududida ekan.

— Aholi o‘rtasida ko‘p marotaba tushuntirish ishlari olib borganmiz, — deydi Biz H.Olimjon mahallasi rais o‘rinbosari To‘lqin Umrzoqov. — Shunga qaramay, atrofni ifloslantirish ishlari to‘xtamayapti. “Navoiy” mahallasi fuqarolari ham chiqindilarini 22 -maktab atrofiga chiqaradi.Bizning mahallada haftada ikki marta chiqindi yig‘uvchi mashina yuradi.Ayrimlar chiqindi uchun pul to‘lashdan qochib, yon-atrofga to‘kib keladi. Hatto SES vakillari bilan ularni poylab ham ushlay olmadik. Hozirda mahalla raisimizning o‘zi chiqindi to‘plash masalasi bo‘yicha shahar obodonlashtirish boshqarmasi bilan shartnoma tuzish uchun uyma-uy yuribdi.

— Aholining yarmisi obodonlashtirish boshqarmasi bilan shartnoma tuzgan, — deydi ushbu mahalla faoli Mavluda Karimova. — Seshanba va shanba kunlari kelib,chiqindilar olib ketishadi. Bir xonadonga odam boshiga bir oyga 2200 so‘m to‘lanadi. Uylarga kirib odamlarga shartnoma ko‘rsatsak, kimsan deya do‘q urib, shartnomani yirtib tashlashgacha borishadi. Menimcha, shartnoma tuzmaganlar chiqindilarni ko‘chaga chiqaradi. Bunday fuqarolarga katta jarima solish kerak. “Navoiy” mahallasi asosan markaziy ko‘chaga tashlaydi. Mahallalarimiz, ko‘chalarimiz toza bo‘lishi uchun bolalikdan odamlar ongiga tozalikni singdirish kerak. Bu borada oila, mahalla hamkorligi haqida ko‘p gapiriladi, ammo amaliy natija kam. Ko‘pchilik chiqindilarni to‘kish uchun bolasiga berib yuboradi. O‘tgan yillarda SES xodimlari kelishardi, bu yil hali ularni ko‘rmadim.

Shundan so‘ng Jizzax shahar davlat sanitariya epidemiologiya markazi mutaxassislari bilan bog‘lanib, bu boradagi fikrlarini bilishga urindik. Markazning sanitariya bo‘limi mudiri Mamarahim Ermanov 2016 yildan buyon chiqindilar bilan ishlash to‘laqonli ravishda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga yuklatilganini, markaz faqat umumiy nazoratni yuritish bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi. Biz bolalar maydonchalari va suv havzalarining nazoratiga mas’ulmiz, dedi.

Shu asnoda yana bir-ikki tashkilot bilan bog‘landik. Biri biz tumanlar bilan ishlaymiz, shahar bizga tegishli emas desa, yana biri “telefoningizni qoldiring”dan nariga o‘tmadi. Hamma shu yo‘l bilan vaziyatdan, nazoratdan silliqqina chiqib ketavergani sababli shunday holatlar yuzaga kelmadimi?

Hech e’tibor berganmisiz, shahrimizda qaysiki xiyobon qurilsin, bir yilga bormay o‘rindiqlari singan, chiqindi qutilari qo‘porilgan bo‘ladi.Hali qurilganiga bir yil bo‘lmagan Hamid Olimjon va Zulfiya haykallari joylashgan bog‘ o‘rindiqlari to‘la pista po‘chog‘i. Vaholanki, har bir o‘rindiqlar yonida bittadan chiqindi qutilari o‘rnatilgan. Chindan o‘ylab ko‘raylik: bir paytlar obod bo‘lgan bu manzillarni kim bunday holga soldi? Albatta, odamlar, albatta o‘zimiz aybdor. Farovon hayotimizning bir bo‘lagi bo‘lgan bu inshootlar, bu go‘zalliklarni o‘z qo‘limiz bilan barbod etmoqdamiz.

—Islom dini insonlarni poklikka chaqirib, tozalik imondan ekanini uqtiradi, — deydi Sharof Rashidov tumani bosh imom xatibi Adham Zulfiyev. —Bir do‘stimiz ko‘p yillardan beri Yaponiyada oilasi bilan yashaydi. O‘tgan yozda yurtimizga mehmonga kelishdi. Ular bilan xiyobonda aylanib yurganimizda bolalarga muzqaymoq oldik, yeb bo‘lgandan so‘ng yarim soatlar o‘tsa hamki, Yaponiyadagi bog‘chada tahsil oladigan uch yashar qizcha qo‘lidagi muzqaymoq qog‘ozini tashlamadi. Tashlagin desak, “Chiqindi quti qayerda?” deb bizni so‘roqqa tutdi. Hammamiz lol qoldik. Aslida biz musulmonlardan boshqalar o‘rnak olishlari kerak-ku! Ko‘chalarda kimdir mashinasidan keraksiz idish yoki qog‘ozni uloqtiradi, kimdir uyidan chiqarib tashlaydi. Ko‘zimizni ochaylik, qaysi Vatanda yashayapmiz, bobolarimiz kim ekanini esimizdan chiqarmaylik. Payg‘ambarimizning“Albatta, Alloh pokdir, poklikni sevadi, U tozadir, tozalikni sevadi”, degan so‘zlarini eslaylik, imonimizni mustahkamlaylik.

Dunyo ko‘rgan odamlarning aytishlaricha, rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida madaniyat tushunchasi avvalo o‘zlarining mehnatini qadrlashdan boshlanar ekan. Bu degani o‘zlarining mablag‘i, to‘lagan soliqlari evaziga barpo etilgan infratuzilmaning, umumjamoat joylarining, madaniyat maskanlarining barchaga tegishli bebaho mulk ekanligini anglab olishdir. Bu degani, farovon hayot, namunali turmush deganidir. Aksincha bo‘lganda esa, barcha orzu-umidlar xomxayolligicha qolaveradi.

Xolnisa RAHMONQULOVA.

Muallif olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?