Mahalla raislari oʻqitildi

12:39 08 Iyul 2019 Jamiyat
166 0

Joriy yilning may oyida boʻlib oʻtgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovida Xorazm viloyatidagi 512 ta mahallaga raislar saylab olindi. Ularni sohaga oid huquqiy-meʼyoriy hujjatlar bilan yaqindan tanishtirish, ijtimoiy-siyosiy bilimlar, rahbarlik koʻnikma va malakalarini oshirish maqsadida oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.

- Mashgʻulotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Urganch hududiy filiali, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, amaliyotchi mutaxassislar tomonidan olib borildi, - deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Oltiboy Rajabov. - Rejaga muvofiq iyun-iyul oylarida oʻtishi belgilangan oʻquvlar viloyatimizning 4 ta hududida tashkil etilib, barcha oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislarini qamrab oladi.

-Mahalla raisi oʻz ish faoliyatini bugungi kun talabi asosida olib borishi uchun doim oʻqib-oʻrganishi, jahonda yuz berayotgan siyosiy-iqtisodiy jarayonlardan, qonunchilikdagi oʻzgarishlar, axborot kommunikatsiya sohasi yangiliklaridan xabardor boʻlishi lozim, -deydi Qoʻshkoʻpir tumanidagi “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Gulbahor Sultonova.- Oʻquv mashgʻulotlarida ana shu muhim jihatlarga eʼtibor qaratilgani hamda taʼlim jarayoniga yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingani ahamiyatlidir.

Oʻquv jarayonida fuqarolar yigʻinlari raislarining rahbarlik mahorati va muomala madaniyati, aholining ehtiyojmand qatlami va keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda mahallaning vakolatlari, oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasida samaradorlikka erishish, mahallalarda maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olish va boshqa qator vazifalar yuzasidan maʼruzalar tinglanib, qizgʻin fikr almashildi. Malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?