“Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi xayriya mablagʻlarini talon-toroj qilgan shaxslarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

16:14 18 May 2020 Jamiyat
594 0

Joriy yil boshidan buyon aholining kambagʻallik qatlamini bosqichma-bosqich isloh qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida Toshkent viloyatida bir qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan hududdagi minglab koʻmakka muhtoj oilalarga begʻaraz yordam koʻrsatildi. Shuningdek, Sardobadagi suv toshqini tufayli jabr koʻrganlarga moddiy va maʼnaviy koʻmak berildi. Biroq guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, muhtoj kishilar ehtiyoji uchun sarflanishi lozim boʻlgan ana shunday xayriya mablagʻlariga koʻz tikuvchi kimsalarning borligi afsuslanarlidir.
Gap shundaki, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi xayriya mablagʻlarini talon-toroj qilgan shaxslarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Oqqoʻrgʻon tumani hokimining mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.A. va tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N.lar oldindan til biriktirib, tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondiga hamda 2020-yilda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga kelib tushgan mablagʻlarni turli yoʻllar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln. soʻm pullarni oʻzlashtirishgan.

Shu bilan birga, 2020-yilda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga kelib tushgan mablagʻlardan 44 mln. soʻmni maqsadsiz sarflab, rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 16-mayda Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shodiyor MUTAXAROV,

(Xalq so'zi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?