MAGATE vakili Fukusima va Chernobil halokatlarining inson salomatligiga nisbatan taʼsiri oʻta oshirilganini bildirdi

11:46 20 Avgust 2019 Jamiyat
80 0

Onlayn nashrimizda Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Unga boshchilik qilayotgan ushbu tashkilot bosh direktori oʻrinbosari – Yadro energetikasi departamenti rahbari Mixail Chudakov kecha jurnalistlar bilan uchrashuvi chogʻida “Oʻzbekistonning atom energetikasini rivojlantirish haqidagi qarori eng toʻgʻri qarordir”, deya taʼkidladi.

“Oltmish yildirki Yadro fizikasi instituti qoshida reaktor ekspluatatsiya qilib kelinmoqda. Shu vaqt davomida toʻplangan materiallar, bajarilgan ulkan ishlar Oʻzbekiston uchun katta tajriba boʻldi. Mamlakat MAGATE bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganiga endi 25 yil boʻldi”, - dedi deya ekspert fikridan iqtibos keltiradi Sputnik.

U atom energetikasi - bu atmosferaga ziyon yetkazmasdan, ekologik toza elektr energiyasini olish mumkin boʻlgan yagona toʻgʻri yoʻl ekanligini qayd etdi.

“Gap insoniyat taraqqiyoti, iqlim oʻzgarishlari haqida borar ekan, atom energetikasi haqida, albatta, gapiriladi. Guvohi boʻlib turibsiz, yildan-yilga iqlim oʻzgarmoqda - havo harorati yuqorilab bormoqda. Hozirda dunyoda mavjud atom stansiyalari yiliga 2 million gigatonna karbonad angidrid gazining atmosferaga uloqtirilishining oldini oladi. Bu bir yilda 400 million avtomobillarni yoʻllardan olib tashlash bilan teng. AESning ekologiya oldidagi xizmati shunda", - deya tushuntirdi Chudakov.

Eskpert shuningdek, odamlarda vahima uygʻotayotgan Fukusima va Chernobil voqealari borasida ham oʻz qarashlarini bildirdi.

“Bu hodisalar boʻlganini hech kim inkor etmaydi, biroq ularning inson salomatligiga taʼsiri oʻta oshirilgan. Deylik, Fukusimada hech kim radiatsiya tufayli halok boʻlmagan, ikki kishi sunami oqibatida choʻkkan, xolos. Chernobilda esa rasman 28 kishi halok boʻlgan. Yana bir necha oʻnlab kishilarning halok boʻlgani savol ostida. Aytmoqchimanki, Gollivudda ishlangan “Chernobil” filmda soʻzlab berilgani kabi minglab kishilar hayotdan koʻz yumgan emas”, - dedi Chudakov.

MAGATE rasmiy vakili, shuningdek, atom energetikasini rivojlantirishga qarshi “hayqiriqlar” ortida muqobil energiya manbalari turganiga shubha qilmaydi.

“Ular - kelajak faqat atom energetikasiniki ekanini, aynan yadroviy energetika uglerod energetika manbaini ”soʻnggi manzilga kuzatishi“ni juda yaxshi bilishadi. Umuman, jahonda ham, Oʻzbekistonda ham atom energetikasi eng istiqbolli sohalardan biridir, u rivojlanishda davom etadi va atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentlik yadro energetikasi infratuzilmasini mustahkamlash boʻyicha qator dasturlarga ega va bunda Oʻzbekistonda koʻmak berishga tayyor”, - deya xulosa qildi Chudakov.

Tashrifning birinchi kunida Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida MAGATE ekspertlarining YAIF bilan hamkorlikdagi missiyasi - Omarr mission boʻyicha kelishuvga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston va Rossiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Vladimir Putin Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berishgan edi.

AES quriladigan maydon sifatida Jizzax viloyati Tuzkon koʻli yaqinidagi maydonlardan biri tanlab olindi.

Xalqaro atom energiyasi agentligining mustaqil hukumatlararo tashkilot sifatidagi faoliyati - atomdan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Oʻzbekiston mazkur tashkilot bilan ilmiy-texnik hamkorlik doirasida atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish boʻyicha koʻplab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?