MAGATE eksperti: “AES – bu milliy loyiha”

18:23 11 Fevral 2019 Iqtisodiyot
399 0

“Oʻzbekistonning birinchi atom elektr stansiyasi – bu faxrlanish lozim boʻlgan milliy loyihadir”. Yaqinda Toshkentda tashkil etilgan seminarda MAGATE eksperti Jorj Xaddad ushbu soʻzlarni alohida aytib oʻtdi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu seminar oʻzbekistonlik mutaxassislar, “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi xodimlari uchun MAGATE missiyasi ishtirok etgan birinchi keng miqyosli tadbirga aylandi. U Oʻzbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi uchun maydon tanlash mavzusiga bagʻishlandi.

“Siz ushbu loyiha bilan faxrlanishingiz kerak, siz birga ishlashingiz lozim”, - dedi MAGATEning yadro infratuzilmalari boʻyicha muhandisi Jorj Xaddad seminarda chiqish qilar ekan. - Hech bir mamlakat, hech bir idora AESni mustaqil qurmaydi. Ushbu loyiha barcha uchun muhim ekanligini tushunish kerak. Boshqa idoralar bilan ham loyiha ustida ishlashni muvofiqlashtirish lozim”.

MAGATEning yana bir eksperti, Yadro qurilmalari xavfsizligi boʻlimi boshligʻi Greg Jentovskiyning fikricha, Oʻzbekiston boʻlajak AES uchun puxtalik bilan maydon tanlash masalasiga jiddiy qarayotgani juda muhimdir. Ushbu bosqichda oʻzbek mutaxassislarining bilimlarini oshirish maqsadida Toshkentga MAGATE missiyasi taklif etilgani ham buning tasdigʻidir.

“Ushbu loyihada ishlash, maydon tanlashga taalluqli maʼlumotlar bilan boʻlishish men uchun yoqimli boʻldi, - deydi u. – Boshidanoq toʻgʻri yoʻlga tushib olish uchun mazkur ish har tomonlama pishiq-puxta olib borilishi lozim. Bu faoliyat barqaror va xavfsiz rivojlanishi uchun kafolat hisoblanadi. Ushbu seminar MAGATE ekspertlari uchun nafaqat bilimlari bilan oʻrtoqlashish, balki sizning ustuvorliklaringizni yaxshiroq tushunish imkonini berdi. Oʻzbekistondagi birinchi AESni qurish boʻyicha sizning grafikingiz juda qatʼiy maqsadga qaratilgan. Va biz sizlarga oldinga qoʻyilgan maqsadlarga erishishingizga yordam berishga harakat qilamiz”.

Seminarning “AESni joylashtirish maydoni xavfsizligini tashqi taʼsirlarni hisobga olgan holda baholash boʻyicha boʻlajak ekspertlik missiyasiga tayyorgarlik(SEED missiyasi)” deya nomlangan asosiy mavzusi MAGATEning yana bir eksperti, yadro xavfsizligi boʻyicha bosh mutaxassis Ayxan Altinyoʻllar tomonidan keng ochib berildi. U seminar yakunlari haqida fikr bildirar ekan, loyihani roʻyobga chiqarish boʻyicha hamkorlikdagi katta ishga tamal toshi qoʻyilganini taʼkidladi. MAGATE AES qurilishi uchun muhim boʻlgan seysmologiya, gidrologiya, metrologiya, geotexnika va boshqa jihatlar boʻyicha seminarlar tashkil etish imkoniyatiga ega.

Tadbir davomida Xalqaro atom energiyasi agentligi ekspertlari tomonidan yadro-energetika dasturida yadro xavfsizligi roli, MAGATEning AES uchun maydon tanlash masalasiga yondashuvlari, AES uchun maydon tanlash hamda baholash bilan bogʻliq xavfsizlik meʼyorlari boʻyicha hujjatlar, atom elektr stansiyasini joylashtirish faoliyatini boshqarish, ushbu jabhadagi ekologik mezonlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi hamda ular qizgʻin muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?