“Maftunkor ranglar jilosi”: 6 yillik tanaffusdan soʻng...

14:12 02 Noyabr 2019 Madaniyat
332 0

Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Maftunkor ranglar jilosi” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi. Ushbu tanlov Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston nogironlar jamiyati hamkorligida “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etildi.

Maʼlumotlarga qaraganda, mazkur tanlov 1996-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelingan. Ammo ayrim sabablarga koʻra orada bir oz tanaffus boʻldi. Xoʻsh, bunga sabab nima edi?

Komil ABDULLAYEV,

Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati boshqaruvi raisi:

— Koʻrik-tanlovning oʻziga yarasha tarixi bor. Haqiqatan ham bu tadbir muntazam uyushtirilardi. Orada tanaffus boʻlganining sababi shuki, 2013-yilda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qayta tashkil etilganidan soʻng, tanlov oʻtkazilishi ham oʻz-oʻzidan toʻxtab qoldi. Oʻtgan 6 yil mobaynida “sukut” saqlagan bu tadbir joriy yilda Adliya vazirligi tashabbusi bilan qaytadan tashkil etildi. Dastlab tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat bosqichlarida isteʼdodlarning ijodiy ishlari saralandi. Tanlovning ahamiyati juda katta. Negaki bu rassomchilikka ozgina boʻlsa-da, iqtidori va isteʼdodi boʻlgan imkoniyati cheklangan yoshlarning mehnatini yuzaga chiqarishga koʻmak beradi. Kelgusida tanlagan sohasi boʻyicha taʼlimni davom ettirishiga ham zamin yaratadi.

Prezidentimizning “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda 2 foizli kvota ajratish tartibi joriy etilgan edi.

Hujjatga muvofiq, birgina oʻtgan yilning oʻzida mingga yaqin ana shunday imkoniyati cheklangan yoshlar oliy oʻquv yurtlariga grant asosida talabalikka qabul qilindi. Joriy yilda esa bu koʻrsatkich bir barobar oshib, qariyb 2 mingga yaqin nogironligi boʻlgan yoshlar talaba boʻldi.

Tanlovda jami hududlardan 14 nafar ishtirokchi oʻz ijodiy ishlari bilan qatnashdi.

Buxorolik Pyotr Porov tanlov qatnashchilaridan biri. U 32-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi. 8 sinfda oʻqiydi. Uning sanʼat asarlarida natyurmort, peyzaj yetakchilik qiladi.

— Hayotni mana shunday yorqin ranglarda tasvirlashga intilaman, — deydi yosh rassom. — Kelgusida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga kirib, Vatanimiz ravnaqiga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman.

Koʻrik-tanlov 7 yoshdan 17 yoshgacha nogironligi boʻlgan iqtidorli yoshlarni birlashtirdi. Tanlov doirasida nogironligi boʻlgan bolalar tomonidan yaratilgan sanʼat asarlarining koʻrgazmasida ishtirokchilar bir-birlarining ishiga baho berishdi.

Tanlovning alohida ajralib turadigan farqli jihati shundaki, tanlovda hech kim ikkinchi va uchinchi oʻrinni egallamadi. Aksincha, tanlovda ishtirok etgan bolalar ularning imkoniyatlari cheklanganligiga qaramasdan hayotga boʻlgan qiziqishlari yuqori darajada ekanligi hamda bu borada boshqalarga oʻrnak boʻlganliklari sababli ularning barchasi 1-darajali diplom bilan taqdirlandilar.

Nargiza YUNUSOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?