Madaniyat vazirligida O‘zJOKU talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

09:05 24 Yanvar 2020 Madaniyat
852 0

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari va uning qoshida tashkil etilgan “PR club” a’zolari bilan Madaniyat vaziri o‘rinbosari Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha matbuot xizmati kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva uchrashuv o‘tkazdi. Dastlab, M.Asqarxo‘jayeva talabalardan birma-bir o‘zlari haqidagi ma’lumotni so‘rash orqali suhbatni boshladi. Bu usul orqali talabalarning nutqini tekshirdi. Uning aytishicha, har qanday joyda xoh rasmiy, xoh madaniy joy bo‘lsin nutq so‘zlovchining ovozi jaranglab turishi kerak. Ayniqsa, ismning aytilishiga e’tibor qaratish lozim. Bu orqali jamoatchilikning e’tiborini osonlik bilan qozonish mumkinligi haqida tavsiyalar berib o‘tdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4366-son qaroriga muvofiq “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik qoshida volontyorlar(ko‘ngilli yoshlar guruhi) klubini tashkil etish va uning faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan fikr va takliflar bildirildi. Ushbu guruh madaniy meros obyektlarini saqlab qolish, qayta tiklashga qaratilgan harakat, shuningdek, teatr va kino sohasiga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish maqsadida tashkil etiladi. Vazirlik mas’ulligida maxsus fond tashkil etilib, unga tushgan pul mablag‘larini madaniy meros obyektlarini qayta tiklash va rekonstruksiya qilish uchun sarflanadi.

M.Asqarxo‘javevaning aytishiga qaraganda, teatrlarimiz faoliyatini yaxshilashdan oldin, tomoshabin madaniyatini shakllantirishdan boshlashimiz lozim. Madaniy hordiq oladigan joyni yengil tamaddi joyiga aylantirish yaramaydi. Teatr asarlariga nisbatan munosabat bildirishni o‘rgatish zarur. Shundagina biz ular istagan asarlarni sahna yuzini ko‘rishiga muvaffaq bo‘la olamiz. Va shu orqali teatr va kino menejmentini yaratishimiz mumkin.

Uchrashuv so‘nggida vazirlikning matbuot xizmati va O‘zJOKU qoshidagi “PR club” a’zolari doimiy ravishda hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Shuningdek, tashkil etilajak volontyorlar klubini yo‘lga qo‘yish uchun mas’ul etib 1-bosqich talabasi Shahribonu Farmonova va 2-bosqich talabalari Karim Zaripov va Sirojiddin Po‘latovlar tayinlandi.

MUXLISA MELIYEVA O‘zJOKU talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?