Madaniyat vazirligi ayrim san’atkorlarning to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzishi yuzasidan bayonot berdi

14:08 18 Sentyabr 2020 Jamiyat
1497 0

So‘nggi paytlarda ayrim san’atkorlarning to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari afsuski uchrab turibdi. Shu munosabat bilan, jamoatchilik tomonidan, Madaniyat vazirligi nega buni nazorat qilmayapti, qabilidagi savollar, murojaatlar kelib tushmoqda. Madaniyat vazirligi ushbu masalada bayonot berdi.

"Albatta, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni ma’qullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qat’iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ma’lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san’atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud bo‘lib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora ko‘rishga mas’ul bo‘lgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar.

Tabiiyki, san’at ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida bo‘ladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va mas’uliyat yuklaydi. Madaniyat vazirligi soha vakillaridan o‘z hayot va faoliyatlarida ushbu mezonga amal qilishlarini so‘raydi. O‘z navbatida, mas’ul idoralarni belgilangan me’yorlarni buzgan san’atkorlarning javobgarliklarini ta’minlash uchun qonuniy choralar ko‘rishga chaqiradi. Zero, qonun barchaga barobar!", deyiladi bayonotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?