Madaniyat va sanʼatning ulkan yutugʻini belgilagan hujjat

14:11 29 May 2020 Jamiyat
144 0

Har bir millatning oʻz madaniyati va sanʼati uning xalq sifatidagi qadr-qimmatini belgilab beruvchi asosiy omillaridan biridir. Insoniyat vujudga kelibdiki, oʻzining butun salohiyatini ishga solib, yaratuvchilik, bunyodkorlik, ijodkorlik, mushohadakorlik borasida tinimsiz izlanadi, bundan estetik zavq oladi va bu jarayonda ruhan yuksaladi. Har millat oʻzining madaniyati va sanʼatining qudrati bois jahon tamaddunidan mustahkam joy egallaydi.

Mamlakatimiz oʻzining jahon maydonidagi oʻrni va ahamiyatini yana-da mustahkamlash yoʻlidan borar ekan milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish, yangi Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash va targʻib etish, xalq ogʻzaki ijodiyoti va havaskorlik sanʼatini yana-da ommalashtirish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. 2020-yil 26-may kuni davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sohaning rivoji uchun zarur boʻlgan ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Farmonga koʻra konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning buyurtmalariga asosan koʻrsatiladigan barcha xizmatlar yozma va haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida taqdim etilishi haqidagi meʼyor bilan mustahkamlandi. Bu holat mamlakatimizda sanʼat sohasiga boʻlgan munosabatning ijobiy tarafga oʻzgarishini taʼminlaydi.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan sanʼatkorlarga yana bir ulkan imtiyoz berilmoqda. Yaʼni, 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkaziladigan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi. Bunday imkoniyatning vujudga kelishi oʻzbek musiqa sanʼatining yangi sifat bosqichiga koʻtarilishi, undagi mazmun-mohiyatning yana-da yuksak ahamiyat kasb etishiga imkon yaratadi. Sanʼatning aslida shou yoki koʻrgazma uchun emas, balki insonning maʼnaviy kamolotga erishishiga xizmat qiluvchi rolining yana-da oshishini belgilaydi. Natijada, aholining konsert-tomosha tadbirlariga boruvchanlik qobiliyati oʻsadi, aholining madaniy-estetik saviyasi yuksaladi. Shu bilan birga, sanʼatkorning oʻz ustida ishlashga boʻlgan talabi ortadi.

Farmonning uchinchi bandida keltirilgan meʼyor Madaniyat vazirligining mamlakatdagi mavqeini va qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan, deyish mumkin. Binobarin, shu vaqtgacha davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkor va ijrochilarni jamoatchilik asosida jalb qilish odat tusiga kirib qolgan edi. Bu holat soha mutaxassislarining eʼtirozlariga sabab boʻlgan. Endilikda, bunday holatlarga umuman yoʻl qoʻyilmaydi. Va bu holat soha uchun katta yutuqdir.

Mamlakatimiz jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuv sari ildam qadam tashlar ekan, yurtimiz oldida oʻz yechimini kutib turgan katta bir masala mavjud. U ham boʻlsa, mualliflik huquqlari sohasini huquqiy jihatdan ishga solishdir. Aslida, bu soha oʻz vaqtida samarali faoliyat olib borgan. Ammo soʻnggi yillarda sohaning butunlay harakatdan toʻxtab qolgani mamlakatimizning jahon hamjamiyati oldida maʼnaviy saviyasini tushirib yuborishga qaratilgan tahdidni keltirib chiqardi.

Ushbu salbiy vaziyatga ijobiy yechim sifatida Farmonda madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasini tashkil etish vazifasi koʻtarilgan. Unga koʻra, palata mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Madaniyat vazirligi palata faoliyatining dastlabki bosqichlarida uni qoʻllab-quvvatlash uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 milliard soʻm ajratilishini taʼminlab beradi.

Maʼlumki, mualliflik huquqlari oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra ulkan zalvorli soha. Uning yurtimizda toʻliq kuch bilan ishlashi hamda jahon standartlari talabiga javob berishi uchun sohani yaxshi biladigan mutaxassislar kerak. Farmonda belgilab berilgan vazifa sohaning bilimdon mutaxassislarni tarbiyalashni taqozo etadi.

Farmonda sanʼat, xususan, teatr sohasi jonkuyarlari va tomoshabinlarini xursand etadigan bir vazifa bor. Maʼlumki, yurtimiz ravnaqi uchun oʻz mehnatini ayamay, fidokorona xizmat qiladigan har bir shaxs, har bir jamoa yuksak darajada eʼtibor va eʼtirofga sazovordir. Mana shu munosabat bilan, boy tarixi, oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri maktabining shakllanishi va rivojidagi beqiyos hissasini inobatga olib, Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatri nomi berilishi sanʼat olamida ulkan quvonchga sabab boʻlgan hodisaga aylandi. Unga koʻra, teatrning salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish va uning anʼanalarini keng tarqatish maqsadida Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2020-yilga moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida maqbullashtirilgan mablagʻlar hisobidan “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasining bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha ravishda hayvonlarni saqlash xonalarini qurish hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlarining toʻliq moliyalashtirilishini, shuningdek, qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlarini joriy yil oxiriga qadar toʻliq yakuniga yetkazib, foydalanishga topshirilishi haqidagi vazifa ham ustuvor etib belgilandi. Sirk sanʼati faoliyatini rivojlantirish maqsadida har bir hududda koʻchma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) hamda hayvonot bogʻlari tashkil etilishi asosiy vazifalardan etib belgilandi.

Farmonda oʻzbek madaniyati va sanʼati uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan quyidagi vazifalar sohaning ilmiy-tadqiqot jabhasini yana-da taraqqiy ettirishga qaratilgan katta hamxoʻrlik belgisi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining “Oʻzbek maqom sanʼati fakulteti” hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari negizida maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti hamda davlat muassasasi shaklida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish sanʼat sohasidagi ilm ahli uchun tinimsiz mehnat qilish maydoniga aylanadi.

Maʼlumki, yurtimizda madaniyat va sanʼatga oid ilmiy-tadqiqot sohasi soʻnggi yillarda oqsash jarayonini boshdan kechirayotgan edi. Bunga sabab mutaxassislarning faoliyatiga borib taqalmaydi. Balki, sohada mavjud mexanizmning yoʻqligi mazkur kamchiliklarni keltirib chiqargan edi. Endilikda, Farmonda belgilanishicha, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyiga – sanʼat sohasidagi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga – madaniyat va tarix sohasidagi barcha muzeylar faoliyatini ilmiy-tadqiqot va metodik jihatdan muvofiqlashtirish, ularning ushbu yoʻnalishlardagi oʻzaro hamkorligini taʼminlash, kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish vazifasi yuklatildi.

2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik, sanʼatshunoslik, madaniyatshunoslik yoʻnalishlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar tashkil etiladi.

Farmoniga koʻra, endilikda madaniyat va sanʼatning jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 15-aprel sanasini “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilinishi xususida qonun hujjati tayyorlanmoqda. Oʻzbek madaniyati va sanʼatiga qaratilayotgan bunday eʼtirof aslida jannatmakon yurtimizni ulugʻlash, uning qadriyatlarini yuksaklarga koʻtarish, kelajak avlodni qaddi baland, gʻururli va oriyatli xalq qilib oʻstirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning buyuk namunasidir.

Oydin ABDULLAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?